O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizda har yili noyabr oyida “Keksalar uchun turizm oyligi” tadbiri o‘tkaziladi.

–Mazkur oylik doirasida barcha ovul va mahallalarda reja asosida keksa otaxonu-onaxonlar uchun diyorimizdagi diqqatga sazovor va tarixiy maskanlarga sayohatlar tashkil etilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Boltaboyev. – Jumladan, tumanimizda ham  oylik doirasida  tadbir o‘tkazildi. Tadbir “Salomatlik uchun 5000 qadam” shiori ostidagi marafon bilan boshlandi. Unda 200 nafardan ortiq nuroniy ishtirok etib, piyoda yurish hamda sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarida qatnashdi. Shundan so‘ng nuroniylar ishtirokida mini futbol musobaqasi tashkil etildi.

Olmazor mahallasi hududidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida bo‘lib o‘tgan milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi va “Uch avlod uchrashuvi” tadbirida 30 nafardan ortiq nuroniy hamda 50 nafardan ortiq yosh ishtirok etdi. Qiziqarli o‘tgan tadbir yakunida nuroniylarga homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari berildi.

Mas’ullar va bir guruh keksalar tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi binosida tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etishdi. Bo‘lim binosida nuroniylar ishtirokida sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari, shaxmat-shashka musobaqasi o‘tkazildi. Musobaqa yakunida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar bo‘lim tomonidan tayyorlangan esdalik sovg‘alari hamda diplomlar bilan taqdirlandi.

Tadbir ishtirokchilar faxriy nuroniy Bozorboy Xolimbetov va uning shogirdlari, ijodkor nuroniylar tomonidan yaratilgan haykaltaroshlik, rassomchilik ijod namunalari, kitoblar ko‘rgazmalari bilan tanishdi. Tadbir yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nuroniylar jamg‘armasi va tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan bir guruh faxriy nuroniylarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Shu kunning o‘zida tumandagi Ayoqchi mahalla fuqarolar yig‘inining  yangi binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur bino zamonaviy uslubda qurilgan bo‘lib, xodimlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri Sog‘indiq Turmanov so‘zga chiqib barchani yangi binoning foydalanishga topshirilishi bilan tabrikladi va mahallaga bitta kompyuter va rangli printer sovg‘a qildi.

Shundan so‘ng mahalladagi “Otalar choyxonasi”da “Ehtirom, e’zoz, e’tibor” deb nomlangan tadbir o‘tkazildi. Unda 60 nafardan ortiq nuroniy, shu hududdagi faol yoshlar qatnashdi. Shu kuni Qilichboy ovulidagi “Xidirboy ota” to‘yxonasida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda nuroniylarning o‘rni” tadbirida nuroniylar yoshlarga o‘zlarining boy hayotiy tajribalari haqida so‘zlab berdi. Konsert dasturi tashkil etilib, ishtirokchilarga homiylar tomonidan osh tortildi.

Mehmonlar hamda nuroniylar To‘lqin ovul fuqarolar yig‘ini binosi oldidagi “Street workout” maydonchasi bilan tanishishdi.  Ular fuqarolar yig‘ini binosi oldida tashkil etilayotgan “Mahalla bog‘i” ga ko‘chatlar ekdi. Ushbu ovulda ham “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi. Tadbir so‘ngida 3 nafar faol faxriy nuroniyga 300 ming so‘mdan pul mukofoti topshirildi.

Shu kuni 50 nafar nuroniy Buxoro va Samarqand viloyatlariga sayohatga yuborildi. Tumanda “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri