Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan parlament quyi palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Jahongir Shirinov ma’ruza qildi:

— Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Konstitutsiyamizning muqaddimasidan tortib 76 ta moddasiga tuzatishlar kiritildi, 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bob kiritish nazarda tutilmoqda. Konstitutsiyaga insonning huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmati himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi qoidalarni kiritish ishlari davom ettirildi. Jumladan, aybsizlik prezumpsiyasi yanada kuchaytirilmoqda. Endilikda shaxsning aybi shunchaki sudda aniqlanmaguncha emas, balki sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha, u aybsiz hisoblanadi. Bundan tashqari, shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilmasligi va jazoga tortilmasligi nazarda tutilmoqda.

Inson huquqlarini himoya qilishda advokatlarning rolini oshirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda. Prokuraturaga oid konstitutsiyaviy normalar alohida bobda qanday aks ettirilgan bo‘lsa, xuddi shunday Konstitutsiyamizga advokaturaga bag‘ishlangan yangi XXII-I bob kiritilmoqda.

Konstitutsiyamizda ochiqlik siyosatini qat’iy davom ettirishga qaratilgan qoidalar o‘rnatilmoqda. Masalan, 67-moddada davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlashi, shuningdek, jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mustahkamlanmoqda.

98-moddada hukumatning asosiy vakolatlaridan biri sifatida davlat boshqaruvi organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatidagi korrupsiya ko‘rinishlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifatini va ochiqligini oshirish choralarini ko‘rish belgilanmoqda.

Konstitutsiyaga odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sudyalar mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan qoidalar kiritilmoqda. Jumladan, sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos bo‘lmasligi belgilanmoqda. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida yangi kiritilgan 115-1-modda bilan sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat davlat byudjetidan amalga oshirilishi kafolatlanmoqda, — dedi J.Shirinov.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 6 oktyabr kuni Sirdaryo viloyati faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqishda aholidan kelib tushgan takliflarni to‘liq aks ettirish muhimligini ta’kidlagan edi. Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitalari tomonidan mukammal, xalqchil, odamlarning dardiga kafolat bo‘la oladigan Konstitutsiyani yaratish, xalqimiz tomonidan berilgan takliflarni Konstitutsiya normalarida aks ettirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Majlisda deputatlar Konstitutsiyaviy komissiya va mas’ul qo‘mitalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etgan holda, xalqimiz asoslantirilgan, o‘ylab tahlil qilishga majbur qiladigan ko‘plab takliflarni berayotgani va bunday takliflarni e’tiborsiz qoldirish yoki ularga yuzaki yondashish mumkin emasligini aytib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishga doir ishlarni davom ettirish taklifini ilgari surdi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA