18 noyabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Dastlab senatorlar 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022 yil 9 oyi yakuni bo‘yicha bajarilishi yuzasidan Hukumatning hisobotini eshitdilar.

Xususan, dasturning 607 ta yaxlit va kichik bandlarda nazarda tutilgan topshiriqlardan 233 ta (33 foiz) band va kichik bandlar to‘liq bajarilgan bo‘lib, hisobot davrida 219 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

Hukumat tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi 105,8 foizni tashkil etgan.

Davlat byudjetining jami xarajatlari 162,4 trillion so‘mni, shundan ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan xarajatlar 83,3 trillion so‘mni tashkil qilgan. Amalga oshirilgan jami xarajatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,7 foizga oshgan.

Hisobot davrida 1,9 million nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlangan.

Xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha 69,3 mingdan ziyod yangi savdo va servis ob’ektlari ishga tushirilgan bo‘lib, ularda mingdan ziyod aholining bandligi ta’minlangan.

“Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish maqsadida umumiy qiymati 700 million dollardan ortiq bo‘lgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga Toshkent, Buxoro va Xorazm viloyatlarida quvvati 1 154 MVtga teng 5 ta elektr stansiyalari ishga tushirilgan.

Yo‘l-transport kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish maqsadida 5,8 trillion mablag‘lar hisobiga jami 15 ming 95 kilometr avtomobil yo‘llari hamda 104 ta ko‘prik ta’mirlangan.

Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 2 762 ta ob’ekt uchun 23,8 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, hisobot davrida 466 ta maktab, 163 ta maktabgacha ta’lim, 63 ta tibbiyot, 11 ta sport ob’ekti foydalanishga topshirilgan.

Birlamchi tibbiy sanitariya yordami tizimida 19,5 ming kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil qilinishi va ularning ish faoliyati 20:00 gacha uzaytirilishi natijasida poliklinikalarga murojaatlar soni 191 millionni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 millionga ortgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 182,6 ming nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 135,4 ming nafari ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlangan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan Davlat dasturi ijrosi yuzasidan yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, Dasturning 286-bandida qayd qilingan vazifa, ya’ni tajriba tariqasida “Yangi Angren IES”da Mis eritish zavodlarining ifloslantiruvchi manbalaridan namuna olish va tahlil qilish bo‘yicha avtomatik stansiyalarni o‘rnatish ishlari amalga oshirilmagan.

Dastur ijrosi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘layotgan masalalarga alohida e’tibor qaratdilar.

Muhokamalardan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek, senatorlar daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof-muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini muhokama qildilar.

Hukumat tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, so‘rovda ko‘tarilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Senat ishchi guruhi tuzilib, holat o‘rganilgan.

O‘rganish jarayonida suv havzalarida litsenziya asosida qum-shag‘al qazib olayotgan 94 ta tadbirkorlik sub’ektidan 12 tasida noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibi, 25 tasida litsenziya shartlari buzilganligi aniqlangan.

Daryolar o‘zanlarini tozalash va noruda qazilmalarni qazib olishni nazorat qilishdagi asosiy kamchiliklar tegishli tashkilotlar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari bilan bog‘liq bo‘lsa-da, sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish ishlari talab darajasida amalga oshirilmagan. Litsenziya va shartnoma asosida qazish ishlarini ayrim mutaxassis bo‘lmagan xodimlar olib bormoqda. Oqibatda daryo o‘zanlari tiklab bo‘lmas holatga kelishiga va ularning yo‘nalishi o‘zgarishiga ta’sir qilmoqda.

Qum-shag‘al mahsulotlari sanoat usulida qazib olinishi daryo qirg‘oqlari kengligining besh yuz metrdan ortib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, daryo o‘zanlari belgilangan chuqurliklardan pastga tushib ketayotganligi natijasida yer osti chuchuk suvlari ifloslanib, suv sathi pasayib ketmoqda.

Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan litsenziya yoki shartnoma muddati tugagandan so‘ng kon yoki uchastkani qabul qilib olish tartibi joriy etilmagan.

Shuningdek, kon ishlari yakunlangandan so‘ng buzilgan yer maydonlarini rekultivatsiya qilish va davlat zaxirasiga qaytarish bo‘yicha talabni bajarmagan sub’ektlarga nisbatan qonunchilikda ta’sir choralari mavjud emas. Bu, o‘z navbatida, daryo o‘zanlari tartibga keltirilmay, uning qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari bajarilmay tashlab ketilishiga, tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan litsenziya bilan keng hudud biriktirilganligi oqibatida daryolar qirg‘oqlaridan qazish ishlari o‘tkazilishi va ularning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Senatorlar muhokamalar davomida tegishli tashkilotlar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslaridagi kamchiliklar, tizimli muammolarning saqlanib qolayotgani, qum-shag‘allarning noqonuniy qazib olinishi natijasida tabiatga yetkazilgan zarar miqdorini hisob-kitob qilish mexanizmi mavjud emasligini ta’kidlab, qonunchilikdagi mavjud bo‘shliq oqibatida ko‘rilayotgan ta’sir choralari samarasi sezilmayotganini alohida qayd etdilar.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng majlisda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2022 yil to‘qqiz oyi yakuni bo‘yicha ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda jahon iqtisodiyotida kechayotgan murakkab jarayonlarga qaramasdan 2022 yilning 9 oyida O‘zbekiston iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlari saqlab qolindi.

Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmi 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga o‘sib, 627 trillion 477 milliard so‘mni tashkil etdi.

Iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, investitsiyalarni keng jalb qilish, ishlab chiqarishlarni diversifikatsiya qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilayotgan samarali choralar natijasida aholining real daromadlari 409,2 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,7 foizga oshgan.

Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning bajarilishi va amalga oshirilayotgan samarali byudjet-soliq siyosati natijasida hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 147,1 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,1 trillion so‘mga yoki 26,8 foizga ko‘payib, mahalliy byudjetlar ixtiyorida 6,5 trillion so‘m miqdorida mablag‘ qoldirildi.

Davlat byudjetining joriy yilning 9 oyidagi xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 162,4 trillion so‘mni yoki YAIMga nisbatan 26,4 foizni tashkil etdi.

Senat a’zolari muhokama jarayonida asosiy e’tiborni 2022 yilning 9 oyida Davlat byudjeti daromad va xarajatlarining ijrosi, ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, shuningdek, Davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishida soliq va bojxona to‘lovlarining undiruvchanlik darajasiga qaratdilar.

Davlat mablag‘laridan foydalanish samaradorligi borasida qurilish sohasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida haqiqatda bajarilmagan qurilish-ta’mirlash ishlarini hisobotlarga qo‘shib yozish, loyiha-smeta hujjatlarida qurilish materiallarini yuqori narxlarda ko‘rsatish kabi xato va kamchiliklar aniqlangani ta’kidlandi.

Ijtimoiy rivojlantirish borasidagi davlat dasturlarida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratilgan mablag‘larning maqsadli, o‘z muddatida va to‘liq o‘zlashtirilishida ham ayrim muammo va xatolar mavjudligi qayd etildi.

Majlisda vazirlik va idoralar tizimidagi ichki audit xizmati faoliyati samaradorligi tahliliga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, hamon byudjet mablag‘laridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish bo‘yicha ishlar yetarli darajada tashkil etilmayotganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, vazirlik va idoralar byudjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlari ijrosi tahlili va ularning samaradorlik darajasi hisobotda o‘z aksini topmaganligi senatorlar tomonidan alohida qayd etildi.

Bundan tashqari, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish hamda belgilangan prognozdan ortiqcha tushgan daromadlardan maqsadli foydalanish borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Ayniqsa, mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha mablag‘lari hokimliklarning farmoyishlari asosida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining qarorlarini qabul qilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarflanishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniq misollar bilan ko‘rsatib o‘tildi.

Senatorlar “Ochiq byudjet” portali orqali mahalliy byudjetning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan jamoatchilik fikrining hisobga olinishi holati yuzasidan ham munosabat bildirib, bu borada shaffoflikni va fuqarolarning keng ishtirokini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Hisobotda davlat xaridlarini amalga oshirish jarayoni bilan bog‘liq ijobiy ishlar yoritilib, bu jarayondagi xato va kamchiliklar, mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ko‘rsatib o‘tilmagani tanqid qilindi.

Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari ijrosini ta’minlashda hamda byudjet davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘laridan samarali, maqsadli foydalanishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar va ularning yechimiga qaratilgan takliflar bildirildi.

Muhokama qilingan masala yuzasidan aniqlangan kamchilik va muammolarning yechimi bo‘yicha takliflar aks etgan Senatning qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, “mahallabay” ishlash tizimi va hokim yordamchilari institutining joriy etilishi, hududlardagi muammolarning imkon qadar tezroq bartaraf etilishi dolzarb masalalarning o‘z vaqtida to‘liq hal qilinishiga zamin yaratmoqda.

Xususan, hokim yordamchilari tavsiyalari asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 306 mingta loyihaga 7,2 trillion so‘m imtiyozli kredit, 17,3 mingga yaqin fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va tomorqa xo‘jaligida band bo‘lish maqsadida 84,4 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan. 326,5 ming kishi bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirilgan va 112 mingga yaqin fuqaro kasb-hunarga, tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilgan.

Muhokamalar jarayonida hududiy dasturlar doirasida Toshkent viloyatida 431 ta va Toshkent shahrida 128 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilgani, buning natijasida 14,5 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgani ta’kidlab o‘tildi. Toshkent viloyatida 49,9 ming va Toshkent shahrida 46,1 ming fuqaro 70 dan ortiq faoliyat yo‘nalishida o‘zini o‘zi band qilgan.

Senat a’zolari aholi bandligini ta’minlash borasidagi ijobiy ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchilik va muammolarning mavjudligiga, jumladan, ba’zi tuman (shahar)larda yillik bandlik dasturi ijrosi orqada qolayotganiga, tegishli ishlarni muvofiqlashtirib boruvchi shtablarning faoliyati samarali tashkil etilmaganiga e’tibor qaratdilar.

Ta’kidlanganidek, ish o‘rinlari to‘g‘risidagi umumiy hisobotni shakllantirishda ko‘rsatkichlarning davlat soliq organlari va “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi ma’lumotlari bazasiga muvofiqligi to‘liq ta’minlanmagan.

Shuningdek, “Usta-shogird” an’analari asosida yoshlarga kasb-hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash maqsadida aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasidan subsidiya mablag‘larini ajratish tizimli yo‘lga qo‘yilishi zarurligi, shuningdek, Toshkent viloyatida yer uchastkalarini “e-auksion.uz” elektron savdo platformasiga joylashtirishni yanada samarali tashkil etish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ayniqsa, shahar va tuman Kengashlarida xalq deputatlari yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash ishlarini tizimli ravishda har oy natijalari bo‘yicha muhokama etish va tegishli choralar ko‘rishga oid ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqishi zarurligi ta’kidlandi.

Senatorlar tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash masalalarini mahallabay ishlash tizimi asosida o‘rganish va sessiyalarda tanqidiy muhokama qilish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qo‘yilgan (kvota) ish o‘rinlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Muhokamalarda urg‘u berilgan masalalar yechimiga oid takliflar Senatning qabul qilingan qarorida o‘z aksini topdi.

Shundan so‘ng Senatning o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida “Izmir Shartnomasini (Izmir, 1996 yil 14 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Senatorlar ushbu Shartnoma 1996 yil 14 sentyabrda 10 ta mamlakat – Afg‘oniston, Ozarbayjon, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Eron va O‘zbekiston tomonidan imzolanganini hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) ta’sis hujjati ekanligini ta’kidladilar.

Shartnoma Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining tashkiliy tuzilmasini, uning maqsad va faoliyat tamoyillarini, shuningdek, moliyaviy masalalarni hamda tashkilotda qarorlar qabul qilish tartibini belgilaydi.

Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston tomonidan Izmir Shartnomasining ratifikatsiya qilinishi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun huquqiy asos yaratishini, shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlar bilan keng hamkorlik qilish imkonini berishini ta’kidladilar.

O‘zbekistonning tashkilotda to‘liq ishtirok etishi xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, transport-logistika yo‘laklarini kengaytirish, shu jumladan, tranzit tashish tariflarini birxillashtirish orqali kengaytirish, mamlakat mintaqalarining turistlar jalb etuvchanligini oshirish imkonini beradi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar qonunni ma’qulladi.

So‘ng “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida harbiy hadli Bitimni (Toshkent, 2022 yil 29 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur Bitim 2022 yil 29 mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan. Bitim harbiy tayyorgarlik va harbiy ta’lim, mudofaa sanoati hamkorligini rivojlantirish, logistika sohasidagi hamkorlik, kartografiya va gidrografiya, minalar va qo‘lbola portlovchi qurilmalarga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashish kabi yo‘nalishlarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlik tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Turkiya Respublikasi Milliy mudofaa vazirligining yillik rejalariga kiritiladi.

Muhokama chog‘ida Bitimning ratifikatsiya qilinishi Davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratishni talab qilmasligini, Bitim doirasida tashkil etiladigan barcha tadbirlar esa har yili Mudofaa vazirligiga ajratiladigan byudjet mablag‘lari doirasida amalga oshirilishi qayd etildi.

Senatorlar qonunni ma’qulladilar.

Shuningdek, Oliy Majlis Senatining 35-yalpi majlisida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari tufayli Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yangi siyosiy ishonch muhiti yaratilganini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Ilgari umumiy manfaatlarga erishish yo‘lida mintaqa mamlakatlarining o‘zaro yaqinlashishiga to‘siq bo‘lib kelgan ko‘plab muammoli masalalarni hal etishda oldinga siljish yuz berdi.

Yalpi majlisda senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini batafsil muhokama qildilar.

Senatorlar davlat chegarasi bilan bog‘liq nizoli masalalarning hal etilishi mamlakatimiz milliy xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi, chunki bu chegaradagi nizolarning oldini olish va noqonuniy savdoga samarali qarshi kurashish imkonini beradi.

O‘z navbatida, Andijon (Kampirobod) suv omboridan birgalikda foydalanish minglab fermer xo‘jaliklarini suv bilan uzluksiz ta’minlashda ishonchli kafolatlar yaratadi.

Bundan tashqari, mazkur hujjatlarning qabul qilinishi transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va o‘zaro manfaatli foydalanishga xizmat qilishi, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga imkon berishi ta’kidlandi.

Batafsil muhokama yakunlari bo‘yicha Senat mazkur qonunlarni ma’qullash to‘g‘risida qarorlar qabul qildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 35-yalpi majlisining birinchi kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati