Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarda tizimli muammolarni hal qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Mahallalarni obod qilish va ularga infratuzilma olib borish dasturlarini ishlab chiqishda aholi ko‘targan 12 mingta masalani ham hal qilishni o‘z ichiga oladigan yangi tizim yaratiladi.

Eng avvalo, 4 979 ta mahalladagi ichki yo‘llar, ichimlik suvi va oqova tizimi, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, bog‘cha, maktab va sport ob’ektlari, obodonlashtirish, sug‘orish, ko‘chalarni yoritish va boshqa masalalarni hal qilishga bir oy muddatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armalariga 1,7 trillion so‘m yo‘naltirish topshirildi. Ehtiyojga qarab, yil yakuniga qadar yana 1 trillion so‘m ajratilishi ta’kidlandi.

Joriy yilning ikkinchi yarmida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 9 201 ta mahalla ishtirok etib, 38 mingta loyihaga 8 million aholi ovoz berdi (birinchi yarim yillikda 4 mingta mahalla qatnashgan).

Bu borada, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari aholisi faol bo‘ldi.

Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 1 418 ta loyiha g‘olib deb topilib, ular uchun jami 1 trillion so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.

Prezident “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini ta’kidladi. Shu bois, bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 milliard so‘m ajratishga ko‘rsatma berildi.

200 dan ortiq aholi qo‘llab-quvvatlagan mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi. Bu orqali 195 ta loyiha doirasida 600 ta mahalla aholisi qamrab olinadi.

O‘zA