O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun navbatdagi brifingni o‘tkazdi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbarining o‘tgan haftadagi faoliyati haqida qisqacha axborot berildi.

O‘tgan hafta boshida – 3-4 oktyabr kunlari davlat rahbari rasmiy tashrif bilan Vengriya mamlakatida bo‘ldi.

Tashrif doirasida Budapesht shahrida Vengriya Prezidenti Katalin Novak va Bosh vaziri Viktor Orban bilan oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar yakunida kelgusida Budapeshtda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tashrif doirasida Prezidentimiz Budapesht shahrida Vengriyaning yetakchi kompaniya va korporatsiyalari hamda banklarining rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Vengriyaga amalga oshirilgan rasmiy tashrif juda samarali va sermahsul bo‘ldi. Uning yakuni bo‘yicha strategik sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot va 14 ta hujjat imzolandi.

6 oktyabr kuni Prezidentimiz agrar soha va qishloq joylarida rivojlanayotgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

7 oktyabr kuni Prezidentimiz Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahriga tashrif buyurdi. Tadbirda ko‘p tomonlama hamkorlik va mintaqaviy sheriklikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Hamdo‘stlik Davlat rahbarlari kengashining mazkur hafta Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi majlisi kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Yakunlangan haftada Prezidentimizning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentini 70 yillik yubileyi bilan bilan qutladi

Brifingda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokida joriy haftada kutilayotgan muhim tadbirlar haqida jurnalistlarga ma’lumot berildi.

Boshlangan haftamizda ham davlat rahbarining ish jadvallaridan avvalgi haftadagidek ham ichki, ham tashqi siyosiy masalalarda qator tadbir, uchrashuv va tashriflar o‘rin olgan.

11 oktyabr kuni davlat rahbari mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Tatarston Respublikasi rahbari Rustam Minnixanovni qabul qiladi. Unda hududlararo hamkorlikni yangi mazmun va aniq loyihalar bilan rivojlantirish hamda amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi qo‘shma dasturlarni yanada jadallashtirish masalalarining muhokamasi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 12-14 oktyabr kunlari Prezidentimiz Osiyoda hamkorlik va o‘zaro ishonch choralari bo‘yicha kengash yig‘ilishi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi hamda “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘iston Respublikasiga tashrif buyuradi.

Tashrif kun tartibida xorijiy davlatlar, shu jumladan, Vetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif va bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, hafta davomida Prezidentimizning mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga bag‘ishlangan qator yig‘ilishlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Nosirjon Haydarov(surat), O‘zA