Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida respublikamizda xotin-qizlarning muammolarini tizimli hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan tanlovlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini hal etish, ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, tomorqa yerlaridan unumli foydalanishga ko‘maklashish, o‘zini-o‘zi band qilish, kreditlar ajratish, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga moddiy yordamlar ko‘rsatish, ularni uy-joy bilan ta’minlash kabi keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, qaramog‘ida bir nafar va undan ko‘p birinchi guruh nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz onalar, tibbiy, huquqiy va psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan bu xayrli ishlarni amalga oshirishda namunali va muntazam ish olib borgan mas’ul xodimlarni taqdirlab borish yo‘lga qo‘yildi. Aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash yana shunday oilalarga moddiy va beg‘araz yordam ko‘rsatish, shuningdek, yurtimizda gender siyosati va ijtimoiy-siyosiy hayotda xotin-qizlarning rolini oshirishda ishlarni namunali tashkillashtirgan korxonalar ayol rahbarlarini taqdirlash va ish beruvchilarning ish samaradorligini oshirish maqsadida “Eng namunali ish beruvchi ayol” tanlovi o‘tkaziladi.

Hududlari obod va tinch bo‘lgan fuqarolar yig‘inlarining raislari o‘rtasida “Eng yaxshi mahalla raisi”, muammolarini “mahallabay”, “xonadonbay” o‘rganish, ularni hal etishga ko‘maklashish, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va mas’ul idoralar yoki tashkilotlar o‘rtasida sheriklikni mustahkamlash, hududlarni kompleks rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Eng yaxshi sektor raisi” ko‘rik-tanlovi tashkillashtiriladi. Shuningdek, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” tanlovlari yo‘lga qo‘yilgan.

Tanlovlarning shahar va tuman bosqichlari iyul-avgust oylarida o‘tkazildi. So‘ng g‘oliblar tantanali ravishda rag‘batlantirildi. G‘oliblarga diplom va pul mukofotlari topshirildi. Tanlovda birinchi o‘rinni egallaganlar final bosqichga yo‘llanma oldi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

 

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA