Prezidentimizning “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 sentyabrdagi tegishli bayoni ijrosi doirasida “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida “Keksalar haftaligi” tadbirlari o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan poytaxtimizda “Ustozlar qadr topgan yurt” mavzusida o‘tkazilgan tadbir ham ana shu haftalik doirasida tashkil etildi.

Tadbirga uzoq yillar davomida ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borgan ustoz jurnalistlar, oliy ta’lim maskanlarida jurnalistika sohasi bo‘yicha yoshlarga ta’lim bergan faxriylar, shuningdek, ayni kunlarda gazeta va jurnallar, teleradiokanallarda, internet nashrlarida yoshlarga ustozlik qilib kelayotgan soha fidoyilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev media sohani muttasil qo‘llab-quvvatlash davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.

Darhaqiqat,  mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarda milliy jurnalistikamiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ustoz jurnalistlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish masalasiga doimiy e’tibor qaratilayotir. Zalvorli materiallar tayyorlash, mavzular rang-barangligini ta’minlash, “ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirishda yoshi ulug‘ jurnalistlarimizning  hissalari beqiyos bo‘lmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad yoshi ulug‘ jurnalistlar hamon katta universitet, ibrat, namuna vazifasini o‘tayotganini, bu esa milliy mass media rivojida alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tadbirda milliy jurnalistika sohasiga munosib hissa qo‘shgan, biroq bugun safimizda bo‘lmagan ustoz jurnalistlar siymosi aks etgan xotira videoroligi namoyish etildi.

– Bugun milliy jurnalistikamiz rivojiga ko‘rsatilayotgan e’tibor har qachongidan ham yuksak, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ustoz jurnalist Solih Yoqubov. – Bu e’tibor biz – yoshi ulug‘ ijodkorlarni yanada katta mas’uliyat bilan ijod qilishga undaydi.

Tadbir doirasida bir guruh yubiley yoshiga yetgan ustoz jurnalistlar O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi sovg‘alari bilan taqdirlandi. Yana bir guruh jurnalistlarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zolik guvohnomalari tantanali topshirildi.

 

Nazokat Usmonova,  
Alimurod Mamadaminov (surat), 
O‘zA muxbiri