Aholi farovonligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Biroq, bu boradagi huquqlar tarqoq holda ekani, shu bilan birga, normalarning o‘zaro bir-biriga nomuvofiqligi sohani tartibga solishda o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Shu sababli fuqarolar hamda tadbirkorlarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish hamda ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Senat yalpi majlisida “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida senatorlar yuqoridagi kabi fikrlarni bildirdi.

Qonun ana shu muammolarni bartarf etish maqsadida ishlab chiqilgan. Unda ko‘chmas mulkning turlari, ularga bo‘lgan huquqlar hamda cheklovlar, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ketma-ketligi, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va rad etish, kelib chiqadigan nizolarni sudgacha tartibda hal qilish va boshqa sohaga oid barcha munosabatlar huquqiy yechimi ko‘rsatilgan.

– Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning aniq jarayoni va muddatlari belgilanmagani ayrim muammolarni keltirib chiqarayotgan edi, – dedi senator Rustam Xolmurodov. – Ko‘p yillik daraxtlarga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ko‘chmas mulk haqidagi axborotlarni tegishli organlarga taqdim etish tartiblarining mavjud emasligi, ko‘chmas mulklar yagona davlat reyestrining yo‘qligi, eng asosiysi, bino-inshootlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yagona qonunning qabul qilinmagani bugungi kun talabiga javob bermaydi. Endilikda bu masalalar qonun bilan tartibga solinayotgani ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning himoyalanishiga ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat tomonidan kafolatlanishining qonuniy asoslari yanada kuchayayotganini alohida ta’kidladi. Bu aholi va tadbirkorlarning ko‘chmas mulkka  bo‘lgan munosabati, intilishi hamda sa’y-harakatlari faollashishiga, ishbilarmonlik muhiti yaxshilanishiga eng muhimi, bu borada davlatga bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Qonun fuqarolar va tadbirkorlarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish, muhimi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etuvchi huquqiy hujjatdir. Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq nizolarning sudgacha hal etilishi, xususiy mulkka bo‘lgan munosabat o‘zgarishi, qolaversa, iqtisodiyotga investitsiyalar jalb qilinishiga va barqaror rivojlanishiga zamin yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

 

N.Abduraimova,  
O‘zA