Ayni paytda Italiyaning Kataniya shahrida Jahon hayvonlar sog‘ligini saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy komissiyasi o‘ttizinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Axborot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston delegati – Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abror Akbarov konferensiya hamraisi etib saylandi va xalqaro anjumanga raislik qilmoqda.

Anjumanda xalqaro miqyosda veterinariya sohasiga qaratilayotgan e’tibor, hayvondan odamga yuqadigan kasalliklar profilaktikasi, qushlar migratsiyasi davomida keng tarqaladigan kasalliklarning oldini olish, bu borada dunyo davlatlari hamjihatlikda kurashishi masalalari muhokama qilinmoqda.

Ta’kidlash kerak, mamlakatimizda so‘nggi besh yillikda veterinariya sohasida olib borilgan tub islohotlar samarasi o‘laroq, mazkur tadbirda epizootik barqarorlikni saqlashda O‘zbekiston tajribasi yuqori baholanib, anjumanga mamlakatimiz delegati hamrais etib saylandi.

Konferensiya doirasida yurtimiz delegatsiyasi tomonidan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Jahon hayvonlar sog‘ligini saqlash tashkiloti Bosh direktori Monika Elua, Birlashgan millatlar tashkilotining Xalqaro oziq-ovqat tashkiloti rahbari va Yevropa Ittifoqi vakillari xamda Italiya, Chexiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Germaniya, Ozarbayjon vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar olib borildi.

 

O‘zA