Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Isitish mavsumi yuzasidan O‘zA muxbirining savoliga Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi boshqarma boshlig‘i Ravshan Jo‘rayev kuydagicha javob berdi.

– 2020/2021 yildan boshlab, isitish mavsumi uchun yil davomida haq to‘lash tizimi yakunlangan. 2020-2021 yillar isitish mavsumidan boshlab markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun iste’molchilar bilan hisob-kitoblar Prezidentimizning 2019 yil 2 dekabrdagi “Issiqlik ta’minoti tizimini takomillashtirish va issiqlik ta’minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan isitish davrining har bir kuniga 1 kv.m isitiladigan maydon hisobida to‘lash tizimiga o‘tkazilishi belgilangan.

Mazkur qarorga asosan, Toshkent shahri uchun 1 kv.m isitiladigan maydon uchun 142 so‘m etib belgilangan. Sizning xonadoningiz 40 m2 bo‘lsa, taxminiy isitish mavsumini 150 kun hisoblansa, 852 ming so‘m to‘lanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 194-sonli qaroriga asosan isitish mavsumi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarning tegishli qaroriga binoan boshlanadi va yakunlanadi.

Bunda, 5 kun mobaynida o‘rtacha tashqi havo harorati sutkasiga 8oSdan past bo‘lganda boshlanishi hamda 8oS yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi belgilangan.

 

Shahnoza Mamaturopova,  
O‘zA