Samarqand shahridagi “Sartepa” sport majmuasida kamondan otish bo‘yicha ayollar o‘rtasida “To‘maris kubogi” ikkinchi xalqaro turniri start oldi.

Musobaqaning ochilish marosimida Osiyo kamondan otish federatsiyasi vitse-prezidenti Kazi Rajib Ahmed Chapol, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari Mamirjon G‘aniyev, viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etib, turnir qatnashchilariga muvaffaqiyat tiladi.

Mazkur musobaqa davlatimiz rahbarining 2021 yil 17 iyundagi “Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tgan yil Samarqandda ilk bor xalqaro turnir sifatida o‘tkazilgan edi. Bu yilgi turnirda yurtimiz vakillari bilan birga Bangladesh, Hindiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan 55 nafar mergan qatnashmoqda.

– O‘tgan yil mazkur musobaqada terma jamoamiz bilan uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edik, – deydi kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Munira Nurmonova. – Bu yil puxta tayyorgarlik ko‘rdik va chempionlik uchun kurashamiz.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA