Prezidentimizning Vengriyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik, imzolangan ikki tomonlama hujjatlar to‘plami xususida nafaqat mahalliy, balki xorijiy ekspertlar ham iliq munosabat bildirmoqda.


Xose Ventura Ballester, Ispaniya Strategik va xalqaro tadqiqotlar jamg‘armasi (FESEI) xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i:

– Ushbu tashrif ikki mamlakat munosabatini amaliy jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.

Yevropa Ittifoqiga a’zo Vengriya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqa keyingi yillarda jadallik kasb etgan oliy darajadagi siyosiy muloqot tufayli izchil rivojlanib bormoqda.

Davlat rahbarlarining 2019 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokarasi Sharq va G‘arb samarali muloqotining yorqin namunasiga aylandi. Davlatlararo keng ko‘lamli aloqani sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Eng muhimi, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Vengriya YeIning O‘zbekiston bilan hamkorlikni eng yuqori darajaga olib chiqqan birinchi davlatidir.

O‘zbekiston rahbarining hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga konseptual va pragmatik yondashuvini inobatga olgan holda, muzokarada asosiy urg‘u savdo-iqtisodiy hamkorlikka qaratildi.

bugungi kunda o‘zaro sa’y-harakat tufayli sheriklik yil sayin chuqurlashmoqda. So‘nggi bir necha yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshdi va bu ijobiy tamoyil yildan-yilga mustahkamlanyapti.

Umuman, har ikki davlat doimo umumiy manfaatga ega sohalarda hamkorlikni izchil kengaytirishga intilayotgani e’tiborga sazovor, deb hisoblayman.


O In Kyong, Janubiy Koreyadagi Yevroosiyo turkshunoslik instituti direktori, professor:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabat tarixida muhim bosqich hisoblanadi. Zero, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Yevropa markazida joylashgan ushbu mamlakat bilan barcha jabhalardagi aloqa jadal sur’atda rivojlanishi natijasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi davri boshlandi.

O‘tgan yil Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi. O‘shanda tomonlar Strategik sheriklik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzolab, siyosiy sheriklikni yuqori darajaga ko‘targan edi.

Ikki mamlakat yetakchilarining navbatdagi uchrashuvi va erishilgan kelishuvlar munosabatni yanada mustahkamladi. Muzokarada turli yo‘nalishlar, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohadagi munosabatni rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi.

O‘zaro savdo ko‘lamini kengaytirish, farmatsevtika, agrosanoat majmuasi, mashinasozlik, suvni tejash va boshqa yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma Loyiha va dasturlarga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar ikki mamlakat bozorlariga yetkazib berilayotgan mahsulot miqdorini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, oliy ta’lim, sport, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarda aniq loyihalar amalga oshirishga kelishib oldi.

Muzokara yakunida imzolangan Qo‘shma bayonot va ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami istiqbolda O‘zbekiston-Vengriya hamkorligi ko‘lamini yanada kengaytiradi.

Tashrifning yana bir jihatiga alohida to‘xtalishni istar edim. O‘zbekiston Prezidenti qaysi davlatga tashrif bilan bormasin, albatta, o‘sha mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvga alohida vaqt ajratadi. Vengriyada ham shu an’ana davom etdi. Sh.Mirziyoyev Vengriyaning yetakchi kompaniyalari, banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazib, mutasaddilarni yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yanada yaqin hamkorlik qilishga chaqirdi.

Vengriya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda faol tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitni yuksak baholadi va investitsiya hamkorligini rivojlantirishga jiddiy qiziqish bildirdi.

Xaqiqatan, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda, Vengriya esa Markaziy Yevropada strategik muhim o‘rin tutgan davlatlar sanaladi. O‘zbek va vengr xalqlari boy tarixi, noyob ma’naviy-madaniy merosi, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlari bilan faxrlanadi.

Shu ma’noda aytish mumkin-ki, salkam 10 million aholiga ega, iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanayotgan Vengriya O‘zbekistonning Markaziy Yevropadagi eng muhim sheriklaridan biri. Qolaversa, ikki mamlakat Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ham o‘zaro aloqani rivojlantirishdan manfaatdor.

O‘zbekiston rahbarining Vengriyaga rasmiy tashrifi natijalarga boy bo‘ldi. Ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida konstruktiv muloqot davom ettirilishi davlatlararo munosabat yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.


Xolid Taymur Akram, Pokiston «Umumiy kelajak jamiyati» tahlil markazi ijrochi direktori:

– O‘zbekiston Prezidentining Vengriyaga rasmiy tashrifi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning muhim davriga to‘g‘ri keldi. Vengriya Markaziy Yevropada katta salohiyatga ega davlat hisoblangani holda, ko‘plab mintaqaviy va xalqaro tashkilotlarning faol a’zosi hamdir.

Shu nuqtai nazardan Vengriyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan hamkorligi birgalikdagi taraqqiyotga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Budapeshtga tashrifi davomida Vengriya Prezidenti Katalina Novak va Bosh vazir Viktor Orban bilan muzokara o‘tkazdi.

Turli sohalarda strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar qo‘shma loyihalar, iqtisodiyot, savdo-sanoat kooperatsiyasini kengaytirish sohalarida yanada keng ko‘lamli hamkorlik qilish masalasini muhokama etdi.

Qo‘shma bayonot va qator bitimlar imzolandi. O‘ylaymanki, tashrif yakuni mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish nuqtai nazaridan har ikki davlat uchun foydali. Har ikki davlat yetakchisi dono siyosati va muvaffaqiyatli davlat boshqaruvi bilan jahonda nom qozongan.

Ushbu tashrif ko‘p tomonlama hamkorlik va aloqani kengaytirish uchun yangi imkoniyat yaratishiga aminman.

O‘zA