“O‘zarxiv” agentligida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Polshaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi boshchiligidagi Polsha delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida arxiv ishi sohasida o‘rnatilgan do‘stona munosabatlar, jumladan, shu kunga qadar hamkorlikda amalga oshirilib kelinayotgan loyihalar va qo‘shma tadbirlar, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan loyihalar to‘g‘risida o‘zaro fikr almashildi.

Muloqot davomida “O‘zarxiv” agentligi va Polsha Respublikasi Milliy xotira instituti o‘rtasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Tashrif yakunida polshalik mehmonlarni O‘zbekiston Milliy arxivi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida qisqa ekskursiya hamda ko‘rgazma tashkil etildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA