Poytaxtimizda “Bir makon, bir yo‘l: imkoniyatlar va muammolar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Alfraganus, Turkiyaning Najmiddin Erbakan nomidagi davlat universitetlari, Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda Turkiya, Makedoniya va Qozog‘istonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur konferensiyada beriladigan ma’lumotlar, tinglanadigan ma’ruzalar yurtimiz ta’lim tizimi imkoniyatlarini yana bir bor dunyoga namoyon etish hamda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Aynan oliy ta’lim tizimi yoshlarda mehnat bozori uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va kompetensiyalarni shakllantirishda, faol fuqaro bo‘lib shakllanishida va ijtimoiylashuvida muhim o‘rin tutadi.

Qamrov bilan bir qatorda ta’lim sifatini ham ta’minlash bugungi kunda dolzarb bo‘lib turibdi. Jahon bankining Inson kapitali indeksi tadqiqot natijalariga ko‘ra, amaldagi ta’lim tizimi yoshlarga o‘z salohiyatining o‘rtacha 62 foizini ro‘yobga chiqarish imkonini bermoqda. Pandemiya sababli ta’lim sifatini ta’minlash dolzarbligi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda birinchi raqamli vazifaga aylandi.

Tadbirda oliy ta’limning asosiy vazifasi yoshlarni nafaqat mehnat bozoriga tayyorlash, balki hayotda har jabhada muvaffaqiyatga ega bo‘lishi va faol fuqaro sifatida shakllanishi uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirish ekani ta’kidlandi.

Konferensiyaning maqsadi xalqaro standartlar darajasida jahon mehnat bozoriga zarur bo‘lgan kadrlarni tayyorlash va ularning xalqaro ilmiy makonda raqobatbardoshligini kuchaytirishga qaratilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA