Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Huawei kompaniyasi tomonidan ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash markazlari (DPC) va bulutli hisoblash uchun texnologik yechimlarga bag‘ishlangan “Euroasia Data Center and Cloud Forum” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda barcha sohalarni raqamlashtirish, xizmatlarni odamlarga qulaylashtirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, yurtimiz masofaviy xizmatlar eksporti bo‘yicha o‘ziga xos mintaqaviy xabga aylanib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida xalqaro talablarga mos ilk Datamarkaz tashkil qilindi. Joriy yilning 27-avgust kuni Prezidentimiz ushbu Datamarkazning ochilishida ishtirok etgan edi.

Mazkur markaz ishga tushishi natijasida davlat idoralarining ma’lumotlarni saqlash va texnik qo‘llab-quvvatlashga sarflaydigan milliardlab xarajatlari tejaladi, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanadi.

Ushbu tadbirning aynan O‘zbekistonda o‘tkazilishi ham bejiz emas. Yevroosiyo davlatlaridan kelgan AKT mutaxassislari O‘zbekistonda yaratilgan eng oxirgi rusumdagi Huawei kompaniyasi Datamarkazi misolida ilg‘or tajribalar bilan tanishtirildi. Elektron hukumat tizimlarini joriy etishdagi xalqaro trendlar haqida fikr almashdilar.

Tadbir “Yevrosiyo mintaqasida raqamli transformatsiyani jadallashtirish uchun to‘liq huquqli ekotizimni birgalikda qurish” mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbirni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “Raqamli O‘zbekiston”ni rivojlantirish borasida erishilgan asosiy yutuqlar va davlatimiz tomonidan ITsohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Huawei kompaniyasining Yevroosiyo mintaqasi prezidenti Daniyel Chjou O‘zbekiston raqamli rivojlanish sohasida sezilarli muvaffaqiyatga erishgani qayd etdi. Yaqinda e’lon qilingan “Elektron hukumat” global reytingi bo‘yicha BMT hisobotida O‘zbekiston 18 pog‘onaga ko‘tarilganini, shuningdek, “Global Innovation Index 2022” reytingida mamlakat mavqeini 4 pog‘onaga yaxshilaganini e’tirof etdi.

Milliy ma’lumotlar markazini yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan loyihalar boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘lishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, forumda raqamlashtirishni rivojlantirishning yangi imkoniyatlari, ma’lumotlar markazlarini qurishning amaliy jihatlari, mintaqada raqamli transformatsiyani tezlashtirish uchun sun’iy intellektdan foydalanish kabi mavzular ham muhokama qilindi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA