Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning ta’kidlashicha, Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Afinaning Anqaraga qarshi turishi uchun AQSHdan yordam so‘ramoqda, uning aytishicha, Turkiya hukumati milliy manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.

Avvalroq Kathimerini nashri Gretsiya hukumatining rasmiy vakili Ioannis Ikonom bergan ma’lumotga tayanib, Mitsotakis shu haftada Pragada Erdog‘an bilan uchrashishga tayyor, deya xabar tarqatgan edi.

Turkiya yetakchisi Anqaradagi Xoji Bayram Vali universiteti kongress markazida so‘zga chiqib, Egey va O‘rtayer dengizida gretsiyalik harbiylar tomonidan migrantlar o‘limga tashlab ketilgani bilan bog‘liq harakatlari haqida so‘zladi.

“Taassufki, bu odamlarning fojiasidan dunyo sukut saqlamoqda, ko‘rmaslikni ma’qul ko‘rmoqda. Qo‘shimcha ravishda Gretsiya AQSHdan yordam so‘ramoqda. Kimga qarshi? Turkiyaga qarshi! Afina qanday qadam tashlamasin, Anqara o‘zining milliy manfaatlari uchun barcha choralarni ko‘radi”, – deya keltiradi Erdog‘anning so‘zlarini Anadolu agentligi.

Turkiya bilan Gretsiya munosabatlari 23 avgustdan keyin keskinlashdi. Anqaraning bayonot berishicha, o‘shanda Turkiyaning F-16 samolyoti NATO topshirig‘i bo‘yicha Egey dengizida parvoz qilayotgan paytda Krit orolida joylashgan Gretsiya harbiy havo kuchlariga qarashli S-300 ZRK radarlari tomonidan “ushlangan”. Turkiya hukumati Gretsiya samolyotlarining Turkiya samolyotini ta’qib qilishi masalasini NATO darajasida ko‘tarib chiqish niyatini bildirgan.