O‘zbekiston Vengriya bilan birgalikda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarib, MDH, Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga chiqish uchun qo‘shma korxonalar tashkil etishni maqsad qilmoqda,

Rossiyaning “RIA Novosti” axborot agentligi davlatimiz rahbarining Vengriyaga rasmiy tashrifiga bag‘ishlab, mamlakatimiz Prezidenti matbuot xizmatiga tayangan holda e’lon qilgan xabarida  shunday deyiladi.
Maqolada Shavkat Mirziyoyevning 3-4 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Vengriyada bo‘lgani, Bosh vazir Viktor Orban bilan muzokara o‘tkazgani aytiladi.

“Tomonlar o‘zaro imtiyoz, preferensiya taqdim etish, birgalikda tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun qo‘shma korxonalar tashkil etib, MDH, Osiyo va Yaqin Sharq bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda”, ta’kidlanadi axborotda.

Qayd etilishicha, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, mashinasozlik, innovatsiya, raqamlashtirish, transport, ilmiy tadqiqot kabi qator yo‘nalishlar hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli sohalar sifatida ko‘rilmoqda.
Ikki mamlakat hukumatlariga yaqin vaqt ichida ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tashkil etish vazifasi topshirildi. O‘zbekistonning Budapashtda diplomatik missiyasini ochish bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad erishilgan kelishuvlarning amaliyotga tadbiq etilishiga ko‘maklashish. Shuningdek, Vengriya Bosh vaziri shu yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitida ishtirok etishini tasdiqladi, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

S.Rahimov, 
O‘zA