O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida mamlakatimizda tashkil etilgan sanoat zonalari, jumladan, erkin iqtisodiy, kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari N.Xolmurodov raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi vakillari, vazirlik, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari, Toshkent shahri va viloyati hokimliklari rahbarlari va mas’ul shaxslari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda 22 ta erkin iqtisodiy zonalar (EIZ), 503 ta kichik sanoat zonalar (KSZ) va 211 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari (YOSTZ) faoliyat ko‘rsatmoqda.

Yig‘ilishda viloyat hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, bank rahbarlari, EIZ, KSZ va YOSTZ direksiyalari direktorlariga mamlakatimizning barcha sanoat zonalaridagi mavjud bo‘sh turgan yer maydonlarini “kim oshdi” savdosiga qo‘yish, shuningdek, yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 6 iyunda qabul qilingan “Hududlarda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashqil qilish va ularni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish va mazkur qaror asosida ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Roman BONDARCHUK