“Ota-onamning tanlovi bilan turmushga chiqdim. Ko‘p o‘tmay, erimning juda asabiy va jahli chiqqanida o‘zini boshqara olmay qolishini sezdim. Homiladorligim ham juda qiyinchilikda, kaltaklar ostida o‘tdi.

Balki shuning uchundir, dunyoga kelgan farzandim yig‘loqi, nimjon va buning ustiga, yuragi kasal tug‘ildi. Endi farzandimning bemavrid yig‘lashi uchun kaltak ostida qoldim. “Nega bolani yig‘latasan”, degan vaj bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi janjalda erim meni urib, tan jarohati yetkazdi. Qo‘lim sinib, bolaga qaray olmaydigan holatga tushganimdan so‘ng ota-onamni uyiga ketishga majbur bo‘ldim. Ertasi kuni ota-onamnikida ahvolim yomonligi sababli tumanimizdagi travmatologiya bo‘limiga yotdim. 7 kun davolandim. Turmush o‘rtog‘imning mahallasidagi uchastka noziriga bir necha marotaba murojaat qilib, mendan ariza olishiga zo‘rg‘a ko‘ndirdim. Voqea sodir bo‘lganidan 16 kun o‘tib uchastka noziri meni sud ekspertiza markaziga olib bordi. Bu vaqtda tanamda ko‘kargan joylar ancha yo‘qolgandi. Bir haftadan oshdiki, ekspertiza ham, uchastka noziri ham jim. Turmush o‘rtog‘im menga kunda-kunora qo‘ng‘iroq qilib, agar bola bilan uyga qaytmasam, meni sog‘ qo‘ymasligini aytib, do‘q-po‘pisa qiladi. Men o‘zimga qilinayotgan zulmdan o‘zimni ham, farzandimni ham asrashni hohlayman…”

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘tgan 2021 yilda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 40 mingga yaqin xotin-qizga, joriy yil davomida 32 ming 783 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan. Afsuski, bu zo‘ravonliklarning 87 foizi oilalarda sodir etilgan.

Aslida oilada sodir etiladigan zo‘ravonlik jinoyatlarning yashirin toifasidir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zo‘ravonlikka uchragan ayollarning juda kam qismi tegishli joyga murojaat qiladi. Ularning aksariyati qo‘rquv va boshqa sabablar bilan tazyiqlarga toqat qilishga majbur bo‘lib hayot kechirmoqda. Agar haqiqiy raqamlar aniqlansa, sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari ko‘rsatkichi yanada yuqorilashi mumkin.

IIV HPX boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 27 mingdan ortig‘i oilada, 3 mingdan ortig‘i ko‘chada, mingdan ortig‘i jamoat joyida, 81 tasi ta’lim muassasasida, 429 tasi ish joyida sodir etilgan.

2 ming 862 ta himoya orderi berish natijasida ma’muriy / jinoiy javobgarlik belgilanib, xotin-qizlarning buzilgan huquqlari tiklandi.

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi Eldar Shaydulinning ta’kidlashicha, tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlarining huquqni muhofaza qilish organlariga an’anaviy murojaati bilan bir qatorda, 24 soatlik telefon liniyasiga qo‘ng‘iroq qilish orqali himoya zarurligi to‘g‘risida ariza berishning muqobil variantini joriy etish kerak. Bu esa o‘z navbatida, himoya orderini berish tezligini va samaradorligini oshiradi. Xususan, ushbu mexanizm orqali jabrlanuvchi hamda tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni maxsus ma’lumotlar bazasiga elektron orderni rasmiylashtirish hamda jabrlanuvchi va uning joylashgan joyidagi profilaktika inspektorini xabardor qilish orqali tezkorlik bilan kiritish mumkin. Shu tarzda himoya orderi imkon qadar tez va samarali ishlay boshlaydi.

Mamlakatimiz aholisining qariyb yarmi – 17 millionini xotin-qizlar tashkil etadi.

– Hayotdan shu qadar sovidim-ki, faqat o‘zimni o‘ldiraman, o‘zimni osaman, degan fikr menga tinchlik bermasdi, – deydi Buxorolik 39 yoshli Munavvar (ismi o‘zgartirilgan). – Nima qilsam, uzoqlarga chiqib ketsammi? degan xayol bilan tunlari uxlay olmasdim. Eng yomoni – inson ruhiyatining sinishi ekan. Har kuni erimning haqoratli so‘zlari, janjallaridan bezib, bosim ostida qo‘rquv bilan yashayotgandim. Shu qadar asabiy edimki, nafasim siqib, erkin nafas ololmasdim.

Huquqshunos, psixolog shifokorlar ko‘magida Munavvarning hayoti iziga tusha boshladi.

– E’tibor bersam, mahallamizda oshxona yo‘q ekan, bu yerdan oshxona ochish fikri menga yordam berishni istagan mutasaddilarga ham ma’qul bo‘ldi, – deydi Munavvar. – Yaqin atrofda yashovchi o‘zimga o‘xshab qiynalgan uch dugonamni chaqirib, ishni nimadan boshlashni kelishib oldik. Keyin turli taomlardan kam-kamdan tayyorladik. Uyimiz yonidagi maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari birinchi xaridor bo‘lishdi. O‘tgan uch oyda ancha-muncha mijozga ega bo‘ldik. Foyda ham ko‘rdik. Yana o‘ntacha ish o‘rni yaratmoqchimiz. Bu yutuqdan o‘zimga ishonchim oshdi, zavqlanib, umid bilan yashashning qadriga yetdim.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ozoda Parpiboyevaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda chekka hududlardagi mahallalarda istiqomat qiluvchi ayollar uchun ijtimoiy reabilitatsiya qilish xizmatini kengaytirish maqsadida 28 ta hududiy va namunali tumanlararo markazlar qoshida 135 ta ijtimoiy maslahatxona tashkil etilgan. Ushbu markazlar orqali 5 000 nafardan ortiq xotin-qizlarga maslahatlar va tavsiyalar berilmoqda.

Aslini olganda himoya orderi ham, reabilitatsiya markazlari ham vaqtinchalik, ular xotin-qizlarni doimiy himoya qilish imkoniyatini bermaydi. Ayollarga o‘z huquqlarini tanishtirib borish, ularning ta’lim olishi va ish bilan bandligini oshirish kabi tizimli yondashuvlar kerakdir. Jamiyatning taraqqiy etishi ham ayni shu ko‘zlangan maqsadga bevosita bog‘liqdir.Ayolni rozi qilish esa oilalardagi muhitni yaxshilashga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA