Dushanba kuni Somalining Beledueyne shahri markaziy qismida uch marotaba portlash sodir etildi. Halok bo‘lganlar soni 20 kishiga yetdi, deb yozmoqda Somali Guardian yangiliklar portali.

Uchinchi portlash politsiya idorasiga yo‘naltirilgani aytilmoqda. Portlash paytida ko‘chadan Efiopiya va Jibuti harbiylari karvoni o‘tayotgan bo‘lgan. Ular avvalgi ikkita portlashdan keyin qutqaruv amaliyotini o‘tkazish uchun yetib kelishgan edi.

Avvalroq Associated Press agentligi Somalining Xirshabelle shtati ma’muriyatiga tayanib ikkita portlash oqibatida 12 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi. Shtat gubernatori Ali Jeyte Osmanning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar orasida hududiy hukumatning sog‘liqni saqlash vaziri Zakariya Muhammad ham bor. Somali Guardian nashrining yozishicha, portlash oqibatida Xirshabelle shtati parlamenti a’zosi, Xiran viloyati gubernatori o‘rinbosari, politsiya polkovnigi ham hayotdan ko‘z yumgan.

Birinchi portlash Beledueynedagi armiya bazasi yaqinida, ikkinchi portlash ma’muriy bino qarshisida sodir etilgani aytilmoqda. Ikki holatda ham portlovchi modda yuklangan avtomobildan foydalanilgan. Hukumat portlash “Ash-Shabab” guruhi tomonidan amalga oshirilgan, demoqda.