Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi arafasida Budapesht shahrida o‘zbek-vengr biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etgan forumning barcha tadbirlari O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida o‘zaro munosabatni har tomonlama mustahkamlashga qaratildi.

Anjumanning ochilish marosimida Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto o‘zaro aloqa rivoji yuqori o‘sish sur’atiga ega ekanini, Vengriya hukumati ikki mamlakat uchun ustuvor yo‘nalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etdi. Vengriya biznes vakillarini o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga chaqirdi.

O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoit, jumladan, vizasiz rejim, valyuta siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, investor huquqini himoya qilish va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi Taraqqiyot strategiyasi qabul qilinganini alohida ta’kidladi.

Vengriyalik tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi. Shu munosabat bilan Vengriya kompaniyalari uchun O‘zbekistonda alohida sanoat hududi ajratish, mahsulotlarga eksklyuziv imtiyoz berish va kafolatli xaridni ta’minlash, shuningdek, tashkil etilayotgan ustuvor loyihalarni moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan istiqbolli tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish kabi aniq chora-tadbirlar ko‘rilishi bildirildi.

Vengr kompaniyalariga farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, elektronika va elektrotexnika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, kimyo va qurilish sanoati sohalari bo‘yicha mavjud investitsiya salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘tgan yil aprel oyida O‘zbekistonga GSP+ benefitsiar maqomi berilishi tufayli yaratilgan Yevropa Ittifoqi hamda MDH bozoriga imtiyozli chiqish imkoniyatidan foydalanib, samarali sanoat kooperatsiyasi zanjirini yaratish istiqboli vengriyalik ishlab chiqaruvchilarda jiddiy qiziqish uyg‘otdi.

Biznes-forum doirasida O‘zbekiston va Vengriyaning vazirlik, idoralari, tarmoq birlashmalari, banklari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida “G2B” va “B2B” uchrashuvlar ham tashkil etilib, ishtirokchilar qo‘shma korxonalar yaratish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalari tuzish masalasini atroflicha ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldilar.

Forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yanada keng yo‘l ochuvchi qator hujjatlar, investitsiya bitimlari, eksport shartnomalari imzolandi.

 

O‘zA