Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP va O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining yig‘ilishlarida bir qator qonun loyihalari partiya dasturiy vazifalari nuqtai nazaridan qizg‘in muhokama qilindi.

Jumladan, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqar ekan, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar berdi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi Prezidentimizning “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan. Loyiha bilan fuqarolar davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan sudlarga murojaat qilish chog‘ida belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘lashi nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasini elektorat manfaatlari, partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, atroflicha muhokamadan o‘tkazdi, uning har bir normasi qizg‘in muhokama qilindi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolarining joriy yil 27-30 sentyabr kunlari saylov okruglaridagi aholi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida ko‘tarilgan masalalar ham ko‘rib chiqildi. Ushbu muammolarni hal etish bo‘yicha ma’sul tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuboriladigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ayrim fuqarolarning xonadonlarida yovvoyi hayvonlar saqlab kelinmoqda. Ularni jamoat joylarida hech qanday himoya choralari ko‘rilmasdan olib yurish holatlari sodir etilayotir. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan qonunchilik hujjatlari o‘rtasidagi tafovutlarni bartaraf etish, sohadagi ruxsat berish tartib-taomillarini samarali amalga oshirish, yovvoyi hayvonlarni aholi turar joylarida saqlashda fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda yovvoyi hayvonlar bilan bog‘liq noxush holatlar oldini olish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari yovvoyi hayvonlarni noqonuniy ravishda boqqanlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, bu borada vakolatni davlat organi faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan takliflar bildirishdi.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni saqlash va foydalanish tartibini belgilashga, shuningdek, yuqorida keltirilgan noxush holatlar natijasida aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazilishing oldini olishga xizmat qiladi.

Qizg‘in bahs-munozaralarlan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

Muhtarama Komilova, 
O‘zA