2020 yilda ma’muriy sudlar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga vakolatli idoralarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish, ularning harakatini qonunga xilof deb topishga doir 6 ming 920 ta ish ko‘rib chiqilgan. Ularning 5 ming 257 tasi qanoatlantirilgan. 2021 yilda esa ushbu raqamlar 5 ming 761 tani tashkil etib, shulardan 3 ming 538 tasi sudlar tomonidan qanoatlantirilgan.

Ma’muriy sudlar tomonidan ushbu toifadagi nizolar bo‘yicha ko‘rib chiqilgan ishlarning aksariyati aynan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxslarning harakati yuzasidan berilgan arizalarni tashkil etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotgan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan fuqarolar davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan sudlarga murojaat qilish chog‘ida belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘lashi nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ham qizg‘in muhokama etildi. Fraksiya a’zolari qayd etganidek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va manfaatlari sudlar orqali himoya qilinishini kengaytirish, ularning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshiradi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan bir qator takliflar berdilar. Shuningdek, yana boshqa qonun loyihalari ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida ham qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va qabul qilinishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Belgilanayotgan normalar bilan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va Byudjetnoma Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis palatalariga 15 oktyabrdan kechiktirmasdan kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirib, uni ma’qulladilar.

Muhtarama Komilova, 
O‘zA