3 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Vengriyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Vengriya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston va Vengriyaning avtomobil sanoati, transport, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari, charm-poyabzal sohalaridagi yetakchi kompaniyalari vakillari hamda bank-moliya muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston-Vengriya biznes forumi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” AJ va Vengriyaning Eksport-import banki (Vengriya Eksimabanki) o‘rtasida qiymati 50 mln yevroga teng kredit jalb qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Vengriyaning Eksport-import banki eksportni moliyalashtirish sohasida yetakchi moliyaviy institut hisoblanadi. Ushbu kredit mablag‘lari yirik investitsiyaviy loyihalarni hamda Vengriyadan uskunalar, tovar va xizmatlar yetkazib berishni ko‘zda tutadigan kichik va o‘rta biznes loyihalarni moliyalashtirishga yordam beradi.

Vengriya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ikki mamlakat rahbarlarining tashabbuslari samarasida o‘zaro manfaatli sherikchilik munosabatlari yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Vengriyaning Eksport-import banki bilan imzolangan yangi shartnoma buning amaliy misolidir. Bu biznes-forumda erishilgan kelishuv va shartnomalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Ushbu shartnomaning afzal jihatlaridan yana biri, Vengriyaning Eksport-import banki tarkibiga kiruvchi eksport kreditlarini sug‘urta qiluvchi MEHIB kompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish imkoniyatini taqdim etishi, shuningdek, ishlab chiqarish va uskunalarni yetkazib berish, yetkazib beruvchi yoki xaridorning to‘lanmagan qarzlari, kreditlari, lizing, bank kafolati va investitsiyalar bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni moliyalashtirishni ta’minlaydi.

Tadbir doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni rag‘batlantirish hamda mamlakatlarimizda qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil qilishga yordam beradi.

“O‘zbekiston Respublikasi

Tashqi iqtisodiy faoliyat 

Milliy banki” AJ matbuot xizmati