Eksport salohiyatini kengaytirish uchun moliyaviy yordam

«Anadolu». O‘zbekistonda ishga tushirilishi rejalashtirilgan maxsus dasturga ko‘ra, ishtirokchilar o‘z eksport salohiyatini kengaytirish uchun moliyaviy yordam olishi ko‘zda tutilgan. Dastur 200 ta eksportchi korxonani qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash orqali bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

***

Xorijiy buyurtmachilar

Rossiyaning “Groza” stansiyasiga qiziqish bildirishmoqda

TASS. Bir qator chet el buyurtmachilari, jumladan, Indoneziya, Qozog‘iston va O‘zbekiston kompaniyalari Rossiyaning “Groza” stansiyasiga qiziqish bildirmoqda, deydi “Roselektronika” xolding kompaniyasining “Radiosvyaz” ilmiy ishlab chiqarish korxonasi bosh direktori Rinat Galeyev.

Stansiya tog‘li, olis va aholisi kam tumanlar, magistral yo‘llar, optik tolali aloqa o‘rnatish bo‘lgan qiyin davlatlarda aloqani ta’minlab beradi. Qayd etilishicha, “Groza” stansiyasidan qariyb 20 yil foydalanish mumkin. Sun’iy yo‘ldosh aloqasi bilan taqqoslaganda stansiyaning afzalligi ko‘rinadi. Ya’ni, 25 Mbit/s ma’lumot uzatish quvvatiga ega “Groza” stansiyasi 4-7 oy ichida kiritilgan sarmoyani oqlaydi.

***

AQSH tashkiloti O‘zbekistonda sudyalar tayyorlaydi

CentralAsia. Amerikaning “East-West Management Institute inc” nodavlat notijorat tashkiloti O‘zbekistonda sudyalar tayyorlash jarayoniga xalqaro standartni joriy qilish va sud tizimini isloh qilish bilan shug‘ullanadi. Tashkilot sudyalar va adliya sohasi xodimlari uchun o‘quv dasturlari ishlab chiqishda ishtirok etadi.

***

O‘zbekistonda endi tug‘ilganlik guvohnomasi o‘rniga

QR-kodli ma’lumotnoma beriladi

TASS. O‘zbekistonda 2023 yildan boshlab joriy qilinadigan bolalarni ro‘yxatga olishning yangi tartibiga ko‘ra, ota-onalarga chaqaloq tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma o‘rniga QR-kodli ma’lumotnoma beriladi.

“Hukumatning 28 sentyabrdagi fuqarolik holatlarini qayd qilish tartibini takomillashtirish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, FHDYO idoralarida tug‘ilganlikni ro‘yxatga olish tibbiy muassasalar orqali amalga oshiriladi. Tibbiyot muassasasi QR-kodli tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani beradi. Ushbu hujjat tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi va davlat organlari va tashkilotlariga bunday hujjatni qabul qilishdan bosh tortish taqiqlanadi”, – deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xabarida.

***

O‘t o‘chirish-qutqarish xizmati bo‘yicha jahon chempionati boshlandi

Kazinform. Samarqandda erkaklar o‘rtasida o‘t o‘chirish-qutqarish xizmati bo‘yicha XVII jahon chempionati va ayollar o‘rtasida o‘t o‘chirish-qutqarish xizmati bo‘yicha VІII jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqalarda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Belarus, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkiya, Rossiya, Eron va Xitoydan 11 ta erkaklar jamoasi hamda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Belarus va Rossiyadan to‘rt xotin-qizlar jamoalari ishtirok etmoqda.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – o‘t o‘chiruvchi va qutqaruvchi kasbini ommalashtirish, xodimlar kasbiy va sport mahoratini oshirish, turli davlatlar o‘t o‘chiruvchi-qutqaruvchilari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, ushbu kasbni xalqaro darajada yanada rivojlantirishdir.

Tadbir doirasida yong‘inga qarshi qutqaruv uskunalari xalqaro ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

I.Abdumalikzoda tayyorladi.

O‘zA