Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Debretsen shahrida joylashgan Vengriyaning eng qadimiy va mukammal akademik qadriyatlariga ega Debretsen universiteti rektori Zoltan Silvashi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, dastlab ikki davlat universitetlararo hamkorlik aloqalari va ular o‘rtasida amaldagi kelishuvlar natijasi haqida so‘z bordi. Munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari, muhim yo‘nalishlardagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov universitetlararo amalga oshirilayotgan samarali ishlar haqida so‘z yuritdi. Bu boradagi natijalar samarasini Toshkent kimyo-texnologiya instituti misolida ko‘rish mumkinligini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston oliygohlarida Debretsen universitetidagidek ta’lim darajasi va sifatni ta’minlash tajribasi muhim etib belgilangani, joriy o‘quv yilidan barcha imkoniyatlar shu maqsadga safarbar qilingani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, professor Silvashi bu maqsadni osonlashtirish va tezlashtirish uchun har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.

Muloqot davomida vazir istiqboldagi rejalarda Toshkent shahrida o‘ziga xos ilmiy-ishlab chiqarish markazini yaratish ishlari boshlangani, bu markaz ta’lim, fan va ishlab chiqarishni bir-biri bilan bog‘laydigan kimyo sanoati uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Unda Debretsen universiteti bilan ta’lim dasturlarini kengaytirib borish rejalashtirilganini bildirdi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston – Vengriya rektorlarining navbatdagi forumi haqida fikr almashishdi.

N.Usmonova, O‘zA