Bundan bir yil muqaddam davlatimiz rahbarining “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan hududiy adliya boshqarmalari huzurida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi.

O‘tgan bir yil davomida Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari davlat tashkilotlarining 2 millionga yaqin hujjatini huquqiy ekspertizadan o‘tkazdi. Natijada ushbu hujjatlarning vakolatli organlar, shu jumladan, sudlar tomonidan bekor qilinishi 99,3 foizga qisqardi. 2019–2021 yillarda 21 ming 588 hujjat bekor bo‘lganini hisobga olsak, yuridik markazlarning nechog‘li ahamiyatga ega ekanini anglash qiyin emas.

Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga bir yil: raqamlar, yutuqlar va istiqboldagi vazifalar” mavzusidagi matbuot anjumanida bu alohida qayd etildi.

Yuridik markazlar mavjudligi bois davlat organlarining hududlardagi 21 mingdan ortiq bo‘linmalarida bir xil huquqni qo‘llash amaliyoti shakllanmoqda.

Talabnomalar kiritish yo‘lga qo‘yilib, 4,5 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘lari nizosiz tartibda sudgacha undirildi.

Hujjatlar bilan ishlash “E-huquqshunos” tizimi orqali to‘liq raqamlashtirildi va natijada 2 million dona yoki 10 tonna 232 million so‘mlik qog‘oz tejaldi.

Maktablardagi kadrlar xizmati xodimlariga to‘lanmay qolgan qariyb 16 milliard so‘m mablag‘larni to‘lab berish choralari ko‘rildi.

Malakali va yosh huquqshunoslar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish tizimi yo‘lga qo‘yilib, barcha yo‘nalishlardagi murakkab huquqiy muammolarni kollegial tarzda hal qilish imkoniyati yaratildi.

Aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida 22 mingga yaqin huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Yuridik xizmat xodimlarining to‘liq mustaqilligi ta’minlanishi orqali ularning ish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish holatlariga barham berildi, oylik ish haqlari 3 barobarga ko‘tarildi.

Markazlar samaradorligini baholash tizimi ishlab chiqildi.

Markazlar qamrovini yanada kengaytirish hamda davlat organlari va tashkilotlariga sifatli va professional yuridik xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining xizmat ko‘rsatmayotgan tuman (shahar) darajasidagi bo‘limlari faoliyati tahlil qilinmoqda.

Tahlil natijasiga ko‘ra, yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyati ko‘lamini kengaytirish yuzasidan tegishli taklif ishlab chiqiladi.

N.Abduraimova, O‘zA