Mamlakatimizda mahallabay tizimi joriy etilishi natijasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasi va bandligini ta’minlash mahalla darajasida amalga oshirila boshlandi. Buning uchun barcha mahallalarda hokim yordamchilari lavozimi joriy etildi. Bugun respublikamizning barcha hududlarida 9 ming nafardan ziyod hokim yordamchilari faoliyat olib bormoqda.

Xo‘sh, hududlarda mazkur lavozim egalarining ish faoliyati samarasi qanday kechmoqda?

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hokim yordamchilarining ko‘magi bilan 1,9 million nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlandi.

Xususan, 560 ming nafari doimiy ish joylariga joylashtirildi. 778 ming nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olindi, 66 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka va 137 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 341 ming nafar fuqaroga ijara asosida yer ajratildi.

Ma’lumki, tegishli tartibga ko‘ra, hokim yordamchilari «Temir daftar», «Ayollar» va “Yoshlar daftar”lari doirasida o‘z mahallalarida o‘rganishlar o‘tkazib, ijtimoiy reyestrni qaytadan yangilashi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Bunda eng avvalo, ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish va o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xo‘jaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 267 mingta loyihaga jami 6,4 trillion so‘m imtiyozli kredit va 35 ming nafardan ortiq ishsizlarga 112 milliard so‘m subsidiyalar ajratildi. 218 ming nafar aholi kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi. Hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 34 mingdan ortiq «mahallabay» mikro loyihalardan 19 mingtasi ishga tushirilib, 78 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Mahallalarda amalga oshirilgan ishlar natijasida 61 mingta yuridik va 62 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hokim yordamchilarining oldiga respublika vakillari bilan birgalikda o‘ziga biriktirilgan mahallani rivojlantirish bo‘yicha 2022 yilga mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, yillik «yo‘l xaritalari»ga asosan, aholi yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha mahallalarda 14,6 ming km. ta’mirtalab ichki yo‘llar shag‘allashtirishga erishildi.

7,1 ming km. yo‘llar asfaltlashtirildi, mahalla hududidan o‘tuvchi magistral yo‘l yoqasida bir ming km. piyodalar yo‘lakchalari barpo etildi. Yaroqsiz holga kelgan 5,3 ming dona transformator, 141,6 ming dona sim yog‘och va 122,6 ming dona tungi chiroqlar almashtirildi. 32,8 ming km. ariqlarni tozalash va 6,5 mingta vertikal sug‘orish quduqlarini qurish orqali 225 mingdan ortiq xonadonlar tomorqasi suv bilan ta’minlandi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbari hokim yordamchilarining qo‘lida o‘zining byudjeti bo‘lishini, mahallaga biriktirilgan soliq, bank, yo‘l va boshqa idoralar xodimlari bilan birga ishlashini ta’kidlab o‘tgan. Hokim yordamchilari soliq, bank, iqtisodiyot, investitsiya, moliya idoralari, hokimiyatda ishlaydigan bilimli va fidoyi yoshlar orasidan tanlanishi rejalashtirilgan. Ular yangi tizim bo‘yicha ishlashga o‘qitilishi va ishining natijasiga qarab yaxshi oylik to‘lanishi, 2−3 yil mahallada ishlab, yaxshi natija ko‘rsatgan hokim yordamchilarini, kelgusida hokim va vazir lavozimlariga qo‘yilishi qayd etilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA