Reklama iste’molchilarining e’tiborini jalb qilishga va reklama qilish ob’ektiga bo‘lgan talabni shakllantirishga yo‘naltirilgan harakatlar yig‘indisidir. Reklama bozori eng muhim va ko‘p murojaat qilinadigan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining maqsadi — reklamani tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Shuningdek, mazkur qonun reklamaning davlat va jamoat manfaatlariga, axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga, yuridik va jismoniy shaxslarning ishchanlik obro‘siga, atrof-muhit holatiga tajovuzidan himoyalanish choralarini ta’minlaydi.

Mahsulotning xarakteri, tayyorlanish usuli va joyi, iste’mol xususiyatlari, sifati va boshqa tavsiflari, uni realizatsiya qilish shartlariga ko‘ra iste’molchilarni chalg‘itadigan yolg‘on yoki noaniq ma’lumotlar reklama vositasida tarqatilishining oldini oladi.

Tadbirkorlik va iste’molchilik madaniyatini takomillashtirish, reklama sohasida nohalol raqobat va noto‘g‘ri reklamaning oldini olish maqsadida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan ko‘plab chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Qanday reklama turi nomaqbul hisoblanadi?

Reklama xususida qonunchilikda belgilab qo‘yilgan mezonlar yuzasidan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi matbuot xizmati rahbari Mohruxsor Tog‘ayeva quyidagilarni ma’lum qildi:

– Nomaqbul reklama — noto‘g‘ri, axloqsiz, yashirin reklama, shuningdek, ushbu qonun talablariga mos kelmaydigan boshqa reklamadir, – deydi M.Tog‘ayeva. – Nomaqbul reklama berganlik, aksilreklamani berishni rad etganlik O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, bazaviy hisoblashning yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agentlik tomonidan reklama qilinishi qonun bilan taqiqlangan yoki cheklangan mahsulotlar, xususan, tamaki, elektron sigaretalar, energetik ichimliklar, alkogol, pivo, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasi bo‘yicha aniqlangan holatlar bartaraf etilishi ta’minlanadi.

Axloqsiz reklamalar…

Shaxsning millati, irqi, kasbi, ijtimoiy kelib chiqishi, yoshi, jinsi, tili, diniy e’tiqodi, siyosiy va falsafiy qarashlari bilan bog‘liq bo‘lgan haqorat so‘zlar va taqqoslashlar, haqorat qiluvchi tasvirlardan foydalanish orqali insoniylik va axloqning umume’tirof etilgan normalarini buzuvchi, milliy va jahon madaniy merosini tashkil etuvchi san’at ob’ektlari, tarixiy va me’moriy yodgorliklarga tajovuz etuvchi, O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari (bayroq, gerb, madhiya) va milliy valyutasini tahqirlovchi reklama — axloqsiz reklama hisoblanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, reklama beruvchi reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining reklama tayyorlash uchun taqdim etiladigan axborot mazmuniga doir qismi buzilganligi uchun agar ushbu qonunbuzarlik reklama tayyorlovchining yoki reklama tarqatuvchining aybi bilan yuz berganligi isbotlanmasa, javobgar bo‘ladi. Reklama faoliyatida nizolar yuzaga kelgan hollarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA