Joriy yil 20-23 sentyabr kunlari Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya Gruziya Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lib qaytdi.

Gruziyaga tashrifning dastlabki tadbiri ikkala mamlakat bojxona xizmati rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi.

Bojxona statistikasiga ko‘ra, ikkala mamlakat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi muntazam ravishda kengayib, 2022 yilning 8 oyi davomida 127,4 million dollarni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich 2016 yilga nisbatan 45 foizga oshgan. Birgina shu yilning o‘zida yurtimizda Gruziya kapitali ishtirokida 7 ta korxona tashkil etilib, umumiy hisobda ularning soni 69 taga yetdi.

Gruziyadan asosan farmatsevtika mahsulotlari va mineral ichimlik suvlari import qilinayotgan bo‘lsa, mamlakatimizdan ushbu davlatga rangli metallar va oziq-ovqat mahsulotlari ko‘proq eksport qilinmoqda. Vaholanki, mavjud salohiyat inobatga olinsa, ishga solinmagan imkoniyatlar hali juda ko‘p.

So‘nggi bor ikkala mamlakat bojxona xizmati o‘rtasida bundan 21 yil muqaddam o‘zaro hujjat imzolangani inobatga olinsa, o‘zaro hamkorlikni “uyqu” rejimidan faol bosqichga o‘tkazishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Gruziya Moliya vazirligining Daromadlar xizmati rahbari Levan Kakava O‘zbekistonda bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

Nega aynan Gruziya?

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Gruziya bojxona nazorati tartibotlarini soddalashtirish va raqamlashtirishda qisqa muddatda tub o‘zgarishlar qila olgani bilan alohida ahamiyatga ega mamlakat hisoblanishini ta’kidladi. Shu jihatdan mazkur davlat qo‘lga kiritgan tajriba va yutuqlarni o‘rganish, o‘zlashtirish muhim ahamiyatga ega.

Jumladan, mamlakatda bojxona boji stavkalari optimallashtirilgan, bojxona rasmiylashtiruvi uchun talab qilinadigan hujjatlar soni 54 tadan 2 taga tushirilgan, chegara o‘tkazish punktlarida avvalgidek, 8 ta emas, atigi 2 ta davlat idorasi faoliyat ko‘rsatadi. Korrupsiyaga eltuvchi barcha omillar bartaraf etilgan.

Uchrashuvda tomonlar bojxona tizimlaridagi yangilanishlar bo‘yicha ko‘rgazmali taqdimotlarni amalga oshirishdi hamda o‘zaro hamkorlikning muhim masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir yakunida esa Bojxona sohasida professional kadrlarni tayyorlash bo‘yicha Hamkorlik memorandumi hamda Axborotlarni oldindan almashish bo‘yicha Bayonnoma imzolandi.

Davlat chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlar almashinuvini tashkil etish to‘g‘risidagi mazkur bayon bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini qisqartirish, jarayonlarni soddalashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, bojxona sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qo‘shayotgan hissasi uchun Levan Kakava “O‘zbekiston bojxona xizmatiga 30 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

“Tbilisi” bojxona rasmiylashtiruvi zonasi –

barcha xizmatlar bir nuqtada!

Tashrifning navbatdagi manzili “Tbilisi” bojxona rasmiylashtiruvi zonasi bo‘ldi.

Gruziyada bojxona idoralari Moliya vazirligining Daromadlar xizmati tarkibida Bojxona departamenti shaklida tashkil etilgan.  Departament tasarrufida jami 20 ta chegara bojxona nazorati o‘tkazish punkti va 5 ta bojxona rasmiylashtiruvi zonalari mavjud.

“Tbilisi” bojxona rasmiylashtiruvi zonasi departament tarkibidagi mustaqil tarkibiy tuzilma hisoblanadi va bu yerda bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq barcha xizmatlar ko‘rsatiladi.

Ahamiyatlisi shundaki, bu yerda bojxona yuk deklaratsiyalarini to‘ldirish bilan bog‘liq bojxona brokerlari va deklarantlarning funksiyalari bevosita bojxona xodimlariga yuklatilgan.

Ayniqsa, dastlabki deklaratsiyalash tartibotlari soddalashtirilib, bu turdagi deklaratsiyalarni taqdim etish tartibotini rag‘batlantirish uchun yig‘imlar ham pasaytirilgan.

Zonada yil boshidan buyon rasmiylashtirilgan 15 mingdan ortiq deklaratsiyalarning  50-54 foizi “yashil”, 34 foizi “qizil” va qolganlari “sariq” hamda “ko‘k” yo‘laklarga yo‘naltirilgan.

Xizmatlar asosan “ASYCUDA” axborot tizimi va “ORACLE” xavflarni boshqarish elektron platformasi orqali ko‘rsatiladi.

Qayd etish joizki, 2018-2019 yillarda O‘zbekiston bojxona xizmati organlari faoliyatiga “Xavflarni boshqarish” tizimini joriy qilishda gruziyalik konsultant va ekspertlarning tajriba va tavsiyalari alohida inobatga olingan.

DBQ raisi deklaratsiyalarning rasmiylashtirilishi jarayonlarini yaqindan ko‘zdan kechirdi. Shu yerning o‘zida mas’ullarga ilg‘or tajribalarni puxta o‘zlashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Bojxona rasmiylashtiruvida avtomobillar ko‘rikdan o‘tkazilmaydi!

Davlat bojxona qo‘mitasi delegatsiyasi Rustavi shahridagi avtotransport vositalarini rasmiylashtirishga mo‘ljallangan markaz bilan yaqindan tanishdi.

Markaz faoliyati “yagona oyna” tamoyiliga asoslanadi va barcha idoralar xizmatlari yagona axborot tizimiga jamlangan. Jumladan, avtotransport vositalarining importi, eksporti, reeksporti kabi bojxonaga doir xizmatlar ham.

Avtotransport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi uchun yagona to‘lov stavkasi (ishlab chiqarilgan yili va dvigatel xajmiga qarab) joriy etilgan.

Bu jarayonda xizmatlar ancha qulay ko‘rinishga keltirilgan. Masalan, xorijiy avtotransport vositasini erkin muomalaga chiqarish uchun 17 ta banddan iborat soddalashtirilgan deklaratsiya to‘ldirilsa, kifoya.

Transport vositalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish davomida politsiya xizmati tomonidan planshetlar orqali transportga oid kiritiladigan ma’lumotlar bojxona organlariga ham avtomatik kelib tushadi. Shu boisdan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida avtotransportni ko‘rikdan o‘tkazishga hojat qolmaydi.

“Haydovchi, mashinadan tushishingiz shart emas!”

DBQ raisi Akmalxo‘ja Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya Gruziya-Armaniston chegarasidagi “Sadoxlo” chegara bojxona postida bo‘ldi.

2018 yilda hozirgi zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan mazkur postda bojxona xodimlari 4 ta smenada xizmat olib borishadi. Postda faqatgina bojxona va patrul politsiyasi faoliyat ko‘rsatadi.

Veterinariya, fitosanitariya, ekologiya, sanitariya epidemiologiya, sug‘urtalash, transport idoralarining funksiyalari esa to‘g‘ridan to‘g‘ri bojxona idoralariga yuklatilgan.

Xizmat ko‘rsatish qulay va soddalashtirilgan tartibda yo‘lga qo‘yilganki, post orqali harakatlanayotgan haydovchining mashina salonidan tushishiga hojat qolmaydi.

Haydovchi transportni tark etmagan holda hujjatlarni xodimga oyna orqali taqdim etadi va rasmiylashtirilgan hujjatlar 5 daqiqa oralig‘ida haydovchiga qaytariladi.

Mazkur post orqali bir kunda o‘rtacha 700-750 ta yuk hamda 2500-3000 ta yengil avtoulovlar harakatlanadi.

DBQ raisi postdagi har bir jarayonni sinchiklab ko‘zdan kechirdi, post xodimlari va haydovchilar bilan suhbatlashib, qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.

Haydovchilar bilan muloqotdan ma’lum bo‘lishicha, Gruziya bojxona tizimi sodda, qulay va tezkorligi bilan yaqqol farqlanib turadi.

Bir so‘z bilan aytganda

DBQ raisining Gruziyaga tashrifi uchrashuv va muzokaralar stolidan ko‘ra ko‘proq amaliy ahamiyat kasb etdi.

Bojxona zonalari va postlarida bir necha soatlab davom etgan tanishuv jarayonlarida bojxona tartibotlarining yangi va zamonaviy usullariga alohida e’tibor qaratildi.

Ishonamizki, mazkur tashrif nafaqat ikkala mamlakat o‘rtasida bojxona hamkorligining rivojlanishiga, tashqi savdo aylanmasi kengayishini rag‘batlantirishga, qolaversa, O‘zbekiston bojxona xizmati uchun istiqbolda yorqin g‘oyalar manbai bo‘lishiga xizmat qiladi.

 

Husan Tangriyev,

Davlat bojxona qo‘mitasi

matbuot xizmati rahbari v.b.

O‘zA