Respublikamizda odil sudlovni ta’minlash, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash borasida qator ishlar qilinmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu amaliy choralarning bir qismi sifatida prokurorlarning fuqarolik sud ishlarini yuritishdagi faoliyatini misol qilish mumkin.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlari tomonidan fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarida prokurorlarning qiymati 1 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 131 ta da’vo arizasi qanoatlantirilgan. Aybdorlardan regress tartibda zararni undirish haqida 108 million so‘mlik 23 ta hamda mehnat munosabatlari haqida jami 244 million so‘mlik 32 ta ariza kiritilib, sudlar tomonidan qanoatlantirildi. Sud yo‘nalishida fuqarolarning 50 dan ortiq murojaatlari ijobiy hal qilingan.

Shuningdek, ertangi kelajagimiz bo‘lgan bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ham ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yolg‘iz ona sifatida farzandga tug‘ilganlik haqida guvohnoma olgan, lekin bolaga otaligi belgilanmagan holatlar uchramoqda.

Prokuratura tashabbusi bilan tegishli idoralar bilan birgalikda hozirda 400 nafardan ortiq yolg‘iz ona bilan suhbat qilinib, o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada bola manfaatida otalikni belgilash va aliment undirish bo‘yicha fuqarolik sudlariga prokuratura organlari tomonidan 24 ta da’vo ariza kiritildi.

Shuningdek, bola va yolg‘iz onaning manfaatida alohida yashayotgan otadan bolaning davolanishi uchun sarflangan qo‘shimcha xarajatlarni undirish bo‘yicha fuqarolik sudlariga 5 ta hamda har oyda qat’iy summada moddiy ta’minot undirish bo‘yicha 15 ta da’vo ariza kiritilib, sudlar tomonidan qanoatlantirildi.

Shu bilan birga, jamiyatimizda ayrim holatlarda o‘z farzandlariga nisbatan ota-onalik huquq va majburiyatlarini bajarmasdan kelgan ota-onalar uchramoqda. Mazkur holatlarda, Oila kodeksida belgilangan tartibda ota-onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha sudlarga prokurorlar tomonidan 9 ta da’vo ariza kiritilgan bo‘lsa, shundan 7 tasi qanoatlantirildi, qolganlari sudda ko‘rib chiqilmoqda.

Hozirda qonunda ko‘rsatilgan tartibda bolaning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA