O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA, BAA) olimlari hamda mutaxassislari ishtirokida “Qoraqalpog‘istonning rivojlanmagan tumanlarida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqaror tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish masalalari bo‘yicha konsultativ seminar o‘tkazildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi, Vazirlar Kengashi, tegishli vazirliklar bilan qo‘mitalar, oliy ta’lim muassasalari va tegishli soha tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, “Abu Dabi rivojlanish fondi” tomonidan moliyalashtiriladigan qiymati 5,1 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur loyihani Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA, BAA), Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi  Vazirlar Kengashi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda 2023-2025 yillarda amalga oshirish belgilangan.

Loyiha doirasida Orol dengizi ekologik inqirozi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish tadbirlarini ishlab chiqish, irrigatsiya va drenaj infrastrukturasini yaxshilash, xo‘jalik yuritishning zamonaviy, iqlimga chidamli uslublarini joriy etish, iqlimga chidamli, maqbullashtirilgan dehqonchilik qilish bo‘yicha tavsiyanomalar ishlab chiqish va uni keng tarqatish, dehqon-fermerlar va manfaatdor tomonlarning salohiyatini oshirish, shuningdek, agrobiznesni rivojlantirish  bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshiriladi.

Tadbirda Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan olib borilayotgan loyihalar va ilmiy-eksperimental ishlar seminar ishtirokchilariga taqdimot shaklida tanishtirib o‘tildi. So‘ng seminar ishtirokchilari loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni keng muhokama qildi.

Seminar davomida ishtirokchilar markazning “Samanbay” ilmiy –ishlab chiqarish uchastkasida olib borilayotgan ilmiy-eksperimental loyihalar va ishlar bilan tanishdi.

Tadbirdan so‘ng mehmonlar Chimboy tumanidagi Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan ham tanishdi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA