O‘zbekiston velosportini rivojlantirish hamda bu sohadagi yutuqlari bilan yoshlarga namuna bo‘layotgan Olga Zabelinskaya Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Olga Zabelinskaya uzoq vaqt davomida chet elda mashg‘ulotlar o‘tkazib, bir qator xalqaro musobaqalarda ishtiroki bois mukofotni olishga ulgurmagan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Olga Zabelinskayaga davlatimizning yuksak mukofoti hamda Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan Islom birdamlik o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki uchun ajratilgan pul mukofoti topshirildi.

Mukofotni o‘z egasiga Senat raisi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva topshirdi va sportchini yuksak mukofot bilan qutlab, uning keyingi faoliyatiga omad tiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Olga Zabelinskaya turli xalqaro musobaqalar g‘olibi, Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada ayollar o‘rtasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan yagona velosportchi hisoblanadi.

Bundan tashqari, u turli xalqaro poygalarda muntazam ishtirok etib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga hissa qo‘shmoqda.

Masalan, joriy yilning iyun oyida u mashhur UCI – Jiro d’Italia Donne professional poygasida, iyul oyida esa Tour de France Femmes avec Zwift poygasida ham qatnashdi. Yaqinda esa O.Zabelinskaya Avstraliyaning Vullongong shahrida o‘tkazilgan shosse velosporti bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etdi.

O‘zA