Poytaxtimizdagi «Hilton Tashkent City» mehmonxonasida ishlab chiqarish jarayonida ijtimoiy standartlar va xavfsizlik mezonlariga muvofiqligini sertifikatlash bo‘yicha seminar o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi va xalqaro “WRAP” tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad to‘qimachilik sohasida faoliyat yuritayotgan mahalliy tadbirkorlarga AQSH korxonalari tomonidan qo‘yiladigan talablar haqida batafsil ma’lumot berishdan iborat. Shu bilan birga ESG standartlariga va WRAP sertifikatlash tizimiga muvofiqligi, AQSH va boshqa xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlari va to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmini oshirish tizimi bilan yaqindan tanishtirish.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, Worldwide Responsible Accredited Production (WRAP) – xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti, 2000 yilda tashkil etilgan. U ishlab chiqarish jarayonining ijtimoiy standartlar va xavfsizlik mezonlariga muvofiqligini sertifikatlashtirishga ixtisoslashgan. WRAP to‘qimachilik korxonalarini ishlab chiqarish sharoitlari, xavfsizlik va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jahonda tan olingan xalqaro standartlarga muvofiqligini sertifikatlaydi.

Seminarda to‘qimachilik sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylanganini qayd etdi. To‘qimachilik mahsulotlarini tashqi bozorlarga eksport qilish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshdi. Jumladan, 2021 yilda 2,6 milliard AQSH dollari qiymatiga teng to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga o‘sdi. bugungi kunga kelib to‘qimachilik korxonalarida 500 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda.

– Yevropa Ittifoqi bilan “to‘qimachilik protokoli”ni ratifikatsiya qilinishi, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi davlatlariga to‘qimachilik mahsulotlarini bojsiz eksport qilish imkonini beruvchi GSP+ preferensiyalar tizimiga qo‘shilishi yurtimizning to‘qimachilik sanoatini isloh qilishdagi muhim qadami bo‘ldi, – deydi Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov. – WRAP sertifikatlash tizimini mamlakatimizdagi tekstil korxonalarida joriy etilishi esa o‘z navbatida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish hajmi va geografiyasini oshirish imkonini beradi.

– Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni MDH davlatlari va Rossiyaga eksport qilamiz, – deydi “Zarrin libos” MCHJ rahbar Sherzod Beknazarov. – Amerika bozori to‘qimachilik tarmog‘idagi o‘zbek ishlab chiqaruvchilari uchun eng jozibador bozor. Bu davlatga mahsulot yetkazib berish uchun avvalo to‘qimachilik va yengil sanoat jadal rivojlangan mamlakatlar singari sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarishimiz zarur. WRAP tashkiloti tavsiyalari asosida ish olib borish ushbu sohadagi o‘zbek ishlab chiqaruvchilari uchun yangi imkoniyat eshigini ochadi. Bu esa Amerika va boshqa xorijiy bozorlarga mahsulotlarimizni yanada ko‘proq eksport qilish imkonini beradi.

Yirik ishlab chiqaruvchilar va tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar vakillari uchun o‘tkazilgan seminarda, WRAP sertifikatlashtirish bo‘yicha taqdimot tinglandi. Unda sertifikatlashtirishga qo‘yiladigan talab va shartlar, shuningdek, sertifikatlashtirishning afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA