Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda navbatdagi 250 dona zamonaviy planshet hududlardagi inspektorlarga topshirildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan sohani raqamlashtirish yo‘nalishida ham muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida tizimda innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda samarali faoliyat yuritish imkoniyati yaratilayotir.

Mazkur jarayonda hududiy boshqarmalarni va davlat ekologiya inspektorlarini zamonaviy planshetlar bilan ta’minlash, ularning ishini tobora qulaylashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirda qo‘mita raisi N.Oblomuradov mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhit masalasiga ustuvor vazifalardan biri sifatida e’tibor qaratilayotgan bir paytda sohaning rivoji bevosita zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishga ham bog‘liq ekanini ta’kidladi. Qo‘mita tomonidan amalga oshirilayotgan hozirgi keng ko‘lamli ishlar jarayonida tizimni raqamlashtirishga, xodimlarning ilg‘or texnologiyalar bilan faoliyat yuritishlariga diqqat-e’tiborda ekanligini qayd etdi.

Tadbir davomida tashkil etilgan seminarda mutaxassislar tomonidan planshetlardan foydalanish va hududlarda samarali ish tashkil etish bo‘yicha inspektorlarga hamda Qo‘mitada malaka oshirayotgan hududiy boshqarmalarning yosh xodimlariga zarur tavsiyalar berildi.

– Planshetlar o‘zining imkoniyatlari va qulayliklari bilan ajralib turadi, – deydi Davlat ekologiya qo‘mitasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiyasi bosh mutaxassisi Dilshodbek Xolmatov. – Voqea sodir bo‘lgan joyning o‘zida huquqbuzarlikni qayd etish va huquqbuzarlarga tegishli ma’muriy qaror, jarima to‘lov varaqasini yuborishda bu ancha qulaylik yaratadi. Shuningdek, noqulay sharoitlarda ishlash, ma’muriy ish hujjatlarini yaratish vaqtini qisqartirish va osonlashtirish, ma’muriy bayonnoma tuzish paytidagi hududning geolokatsiya ma’lumotlarini saqlab qolish muhim. Shuningdek, huquqbuzar va huquqbuzarlik holatlarini bevosita foto/video tasvirga olish, tabiatga yetkazilgan zarar miqdorini avtomatik hisoblab chiqarish, ma’muriy jarima summalarining to‘lovi to‘g‘risida xabardor qilib borish ham planshetlarning zamonaviy imkoniyatlari sirasiga kiradi.

 

O‘zA