26 sentyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va BMTning Taraqqiyot dasturi hamkorligida fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida “Fuqarolik jamiyati institutlarini korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olishda innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish jarayoniga jalb qilish” mavzusida tashkil etilgan tanlov yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tanlovda “O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” hamda “O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rolini oshirish uchun fuqarolik makonini, ayollar va yoshlar ovozini mustahkamlash” loyihalari doirasida 2022 yilning 17 iyunidan 10 iyuliga qadar mamlakatimizning 18 ta yetakchi nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan arizalar taqdim etildi.

Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan tadbirda tanlovda ishtirok etgan NNTlar orasidan 9 tasining taklif va tashabbuslari yuqori baholanib, g‘olib, deb topildi.

Jumladan, baholash komissiyasining qaroriga ko‘ra, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi takliflari yuqori ballga ega bo‘ldi va Markazga loyihalarni BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirishga qaratilgan sertifikat topshirildi.

 

O‘zA