O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova ishtirokida tashkil etilgan brifingda Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish yo‘nalishidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Milliy kadrlar zaxirasi — bu davlat fuqarolik xizmatchilarining rahbarlik lavozimlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish maqsadida davlat fuqarolik xizmatchilarini markazlashtirilgan holda saralab olish, tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz malakasini oshirish tizimidir.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Milliy kadrlar zaxirasi davlat fuqarolik xizmatining rahbar kadrlar tarkibini barqaror ta’minlash va uning sifatini yaxshilash, davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini oshirish hamda xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarish maqsadida shakllantiriladi. Milliy kadrlar zaxirasiga ish faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, barcha sohalarda samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan yuqori salohiyat, yetakchilik xususiyati va boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lgan tashabbuskor davlat xizmatchilari kiritiladi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasidan yuqori natijalarga erishgan 1 000 nafar shaxsni Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish ishlari olib borilmoqda. Bunda, nafaqat nomzodning yuqori natijaga erishganligi, shu bilan birgalikda tashabbuskorligi, yangilikka intiluvchanligi, fuqarolarning dardini eshitishi, muammolarni tizimli ravishda bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘rayotganligi inobatga olinadi.

Bugungacha davlat va nodavlat sektorlarida faoliyat yuritayotgan 611 nafar nomzod ro‘yxati shakllantirilib, ularning kompetensiyalari Yosh rahbar kadrlar zaxirasiga kiritish uchun test sinovlari va suhbat orqali baholanmoqda.

Bundan tashqari, rahbarlik lavozimlari uchun jami 970 nafar nomzod Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan. Munosib deb topilgan nomzodlarni rahbarlik lavozimiga tayyorlash maqsadida Agentlik tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida maxsus tayyorlash dasturi ishlab chiqildi.

Muhayyo Toshqorayeva, 
O‘zA