Mulk huquqi daxlsizligi qonuniy kafolatlangan bo‘lsa ham unga rioya etilishida xato va kamchiliklar uchragani sir emas.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 24 avgustdagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan mulk daxlsizligiga qat’iy rioya etilishi bo‘yicha aniq choralar belgilandi.

Farmon bilan mulkiy huquqni vujudga keltirgan hujjatni bekor qilish orqali ushbu huquqni tugatish mumkin emasligi belgilandi. Agar ushbu hujjat noqonuniy qabul qilingan bo‘lsa, endilikda faqat sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin.

Sudlarda mulk huquqi bilan bog‘liq qanday ishlar ko‘rilgan? Farmon asosida sudlarda qanday ishlar amalga oshiriladi? Bu savollarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Abidov javob berdi:

– Keyingi ikki yarim yilda hokimlarning yer ajratish bilan bog‘liq 2 ming 541 qarori bekor qilingan. Bu esa, 2 ming 526 yer uchastkasiga, ya’ni 101 ming 358 gektar yerga bo‘lgan huquq sud qarorisiz bekor qilinishiga olib kelgan.

Masalan, “Korean construction industrial group” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga Toshkent shahar hokimining 2017 yildagi qarori bilan “snos” evaziga 0,63 gektar yer ajratilgan. Tadbirkor ushbu yerda qonuniy tartibda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi qurib, o‘z faoliyatini boshlagan.

2020 yilga kelib, 2017 yildagi qaror Toshkent shahar prokurorining protestiga asosan Toshkent shahar hokimi tomonidan bekor qilingan.

Tadbirkor bir yil davomida sudlashib, 2021 yil noyabr oyida Oliy sud sudlov hay’ati qarori bilan shahar hokimining 2020 yildagi qarori haqiqiy emas, deb topilishiga va yer¬ga bo‘lgan huquqi tiklanishiga erishgan.

Shu sababli yer uchastkalariga bo‘lgan huquqning vujudga kelishi uchun asos bo‘lgan hujjatlarni, shu jumladan, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarini ularning o‘zi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, xususan, prokuror protesti asosida bekor qilish yo‘li bilan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tugatish tartibi 2022 yil 1 sentyabrdan bekor qilindi.

Keyingi 2,5 yil ichida 20 ming 543 yer uchastkasi, ya’ni 2,6 million gektar yer maydoni “yerdan ixtiyoriy voz kechilganligi haqidagi ariza”ga asosan qabul qilingan hokim qarori bilan zaxiraga qaytarilgan. Afsuski, amalda bunday qarorni yer egasining arizasini olmasdan ham qabul qilish mumkin.

Shu sababli yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda, unga bo‘lgan huquqning bekor qilinishini Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan rasmiylashtirish tartibi bekor qilindi. Bunda yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish to‘g‘risida notarial tasdiqlangan ariza yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni bekor qilish uchun asos hisoblanadi.

Aytib o‘tish kerakki, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan mulkni qaytarish, ya’ni kompensatsiya undirish borasida 2021 yilda 597 ta ish ko‘rilib, ularning 454 tasi yoki 76 foizi qanoatlantirilgan. 2022 yilning 6 oyida bu toifadagi ishlar soni 2 barobardan ham oshib, ja¬mi 1 ming 284 ish ko‘rilgan, ularning 899 tasi yoki 70 foizi qanoatlantirilgan.

Yer uchastkalarining jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqish bo‘yicha yagona sud amaliyotini ta’minlash ham muhim masaladir. Shu sababli Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida sud qarorlarini umumlashtirish tadbiri belgilandi.

Xususan, yer uchastkalari 2021 yil 1 avgustga qadar jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan hamda kompensatsiya tariqasida boshqa yer uchastkasi berish nazarda tutilgan hollarda ushbu kompensatsiya turini o‘zgartirish majburiyatini yuklash bilan bog‘liq sud qarorlari va ularning ijrosi umumlashtirilib, tahlil qilinadi.

Yana bir muhim masala. Keyingi 2,5 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga shaxsni turar joydan ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha 8 ming 954 ta da’vo arizasi kiritilgan. Shundan 7 ming 311 tasi — 82 foizi qanoatlantirilgan.

Bunga sabab mulkdor o‘z turar joyiga ro‘yxatga qo‘yilgan shaxsni sud qarorisiz majburan ro‘yxatdan chiqarishga haqli emasligi edi. Turar joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanilgan hollar istisno etiladi.

Ushbu norma mulk huquqini cheklaydi va eskirgan. Shu bois farmon bilan bu tartib bekor qilindi. Mulkiy huquqlar va qarindoshlik aloqalariga ega shaxslarga oid qoidalar bundan mustasno, albatta.

Bundan tashqari, hozirda 20 dan ortiq davlat organi sudlarda fuqarolarga nisbatan mulkiy da’volar kiritishda davlat boji to‘lashdan ozod qilingan.

Keyingi 2,5 yilda davlat organlari ushbu imtiyozdan foydalanib, 1,4 trillion so‘mlik 63 ming 909 ta da’vo arizasi kiritgan. Shundan 588 milliard so‘mlik 14 ming 736 ta da’vo talabi sudlar tomonidan rad etilgan yoki ko‘rmasdan qoldirilgan.

Bu esa ayrim davlat organlari o‘z imtiyozidan foydalanib, yetarli asoslar bo‘lmasa ham sudlarga da’vo arizalari kiritayotganidan dalolat beradi.

Fuqarolarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida sudda o‘z mulkini o‘zganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volarini davlat bojidan ozod qilish belgilandi. Bu da’vo rad etilganda, davlat boji da’vogardan undirib olinadi.

Shu bilan birga, farmonda gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mulkiy huquqlariga nisbatan “Xabeas korpus” institutini qo‘llash ko‘lamini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bu o‘rinda curishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bog‘liq qarorlarini ko‘rib chiqish uchun sudga kiritish huquqlari haqida so‘z bormoqda.

Xorijiy tajribada shaxsni qamoqqa olishga sanksiya berish, uning mulkini xatlab qo‘yish ham sudlar vakolatiga berilgan. Shunga asosan “Xabeas korpus” institutini yanada keng joriy etib, curishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bog‘liq qarorlarini sudda ko‘rib chiqish tartibini joriy etish belgilandi.

 

N.Abduraimova,  
O‘zA