Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal- demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Jumladan, “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining ma’muriy sudlar tomonidan samarali himoya etilishini ta’minlashga hamda ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish orqali ma’muriy sudlarni fuqarolarning haqiqiy himoyachisiga aylantirishga qaratilgan.

Ushbu hujjat bilan sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish, jumladan, sudlar tomonidan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish bo‘yicha ish yuritishni tugatishni taqiqlash, bunda da’vo arizasi, ariza, shikoyat yoki ishni ularni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish belgilanmoqda.

Qonun loyihasidagi normalar davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlashga, ma’muriy sud ish yurituvini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirishga hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Fraksiya yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA