Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Shveysariyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy hamda O‘zbekistonda professional ta’lim va tayyorlov sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi “Support to VET Reforms Project” loyihasi vakillarini qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda professional ta’lim va tayyorlov sohasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish asosida hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Muloqot avvalida vazir A.Toshqulov elchini Shveysariya milliy kuni bayrami bilan samimiy tabrikladi. Tomonlar o‘tgan davr mobaynida qilingan amaliy ishlarga to‘xtalib, ikki davlat o‘rtasidagi yaqin hamkorlik natijalari bir qancha loyihalar doirasidagi platformalarda aks etayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, ko‘pqirrali aloqalarni professional ta’lim sohasida ham mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.

bugungi kunda yurtimizdagi professional ta’lim muassasalarida iqtisodiyotning turli tarmoqlari bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar tayyorlab kelinmoqda. Xususan, turizm yo‘nalishi bo‘yicha jami 1,5 ming nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda.

2022 yilda ushbu yo‘nalishlarda jami 989 nafar o‘quvchi o‘qishni bitirdi. Amalga oshirilgan loyihalar doirasida tanlab olingan Zomin turizm va servis kolleji, Bo‘stonliq turizm va servis kolleji hamda «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti huzuridagi Buxoro turizm va madaniy meros texnikumida turizm yo‘nalishi bo‘yicha 463 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

– Ma’lumki, kasb-hunar ta’limi O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hozirgi bosqichida eng muhim omillardan biridir, – dedi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov. – O‘zbekiston – demografik jihatdan anchayin yosh mamlakat. Shunday ekan, yoshlarni aynan mehnat bozoriga munosib tayyorlash, kelgusida lozim bo‘ladigan ko‘nikmalarni berish va shu orqali ularning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlash biz uchun katta ahamiyatga ega. Biz Shveysariyaning bu borada ko‘rsatayotgan amaliy ko‘magini yuqori baholaymiz.

O‘z navbatida, elchi samimiy qabul va iliq fikrlar uchun minnatdorlik bildirib, yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilayotgan loyiha professional ta’lim sohasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini bildirdi hamda O‘zbekiston hukumatining bu boradagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotganini e’tirof etdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston – Shveysariya oliy ta’lim yo‘nalishidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalari haqida ham so‘z yuritildi. Tomonlar hamkorlikdagi natijalar o‘tgan davr mobaynida ko‘lamli ishlar qilinganidan dalolat ekanini tasdiqladilar.

Mamlakatlar hukumatlari nomidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi o‘rtasida «O‘zbekistonda professional ta’lim va tayyorlov sohasidagi islohotlarini qo‘llab-quvvatlash loyihasi 1-bosqich» to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

K.Obolenskiy Shveysariyaning dual ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish va tajriba oshirish imkoni borligi, bu borada ham kelishuvlar olib borishga tayyor ekanini aytdi. Bunda hamkorlikdagi manfaatlar uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etishi bildirildi.

O‘zA