O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Daniya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Yeppe Sebastyan Kofod bilan muzokara olib bordi.

TIV matbuot xizmati ma’lum qilishicha, tomonlar siyosiy muloqotni kuchaytirish uchun o‘zaro tashrif va amaliy tadbirlar tashkil etish muhimligini ta’kidlagan. Shuningdek, O‘zbekiston va Daniya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik va maslahatlashuv to‘g‘risida protokol imzolash taklif qilindi.

V.Norov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston tomoni Daniya hukumatining mamlakatimizda Faxriy konsullik idorasi ochish to‘g‘risidagi qarorini mamnuniyat bilan qabul qiladi.

Toshkent va Kopengagen BMT va boshqa xalqaro institutlar doirasida hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi ma’lum qilindi.

Savdo va investitsiya aloqasi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida tomonlar manfaatdor idoralarning o‘zaro tashrifini uyushtirish masalasini o‘rganishga kelishib oldilar.

Daniyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlarida o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchilar uchun trening va amaliyot tashkil etish ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga yordam berishi ta’kidlandi.

O‘zA