2022 yil 22 sentyabr kuni Dushanbe shahrida MDH davlatlarining “Yer qa’rini qidirish, foydalanish va muhofaza qilish” bo‘yicha Hukumatlararo kengashining  XXV sessiyasi o‘z ishini boshladi.

Sessiya yig‘ilishida Hukumatlararo kengashga a’zo Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, O‘zbekiston respublikalari ishtirok etmoqda. Shuningdek, sessiyada video konferensaloqa orqali Moldova, MDH ijro qo‘mitasi delegatsiyasi ham qatnashmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Qodirxo‘jayev Hukumatlararo kengashga raislik qiluvchi sifatida o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar to‘g‘risida hisobot berdi.

Mazkur hisobot MDH davlatlarining “Mineral-xomashyo resurslarini o‘rganish, qidirish va foydalanish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi kelishuv”i talablari va qoidalarini bajarilishiga bag‘ishlandi.

“Yer qa’rini qidirish, foydalanish va muhofaza qilish” bo‘yicha Hukumatlararo kengashi 1997 yil 27 martda mineral-xomashyo zaxiralarini qidirish, o‘rganish va foydalanish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga ko‘ra tashkil etilgan

Hukumatlararo kengash faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri MDH doirasida mineral-xomashyo zaxiralarini qidirish, o‘rganish va foydalanish bo‘yicha hamkorliklarni rivojlantirishdan ibrat.

O‘zbekiston Respublikasining Hukumatlararo kengashga a’zo bo‘lib kirishi Yer qa’rini qidirish, foydalanish va muhofaza qilish, chegaradosh hududlarni birlashib o‘zlashtirish, geologiya qidiruv ishlariga milliy tajribalarni, yangi uslubiy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha xalqaro hamkorliklarni kengaytirishga imkoniyat yaratdi. Chunki yerosti boyliklarini o‘rganish va ularni o‘zlashtirish tajribalari, uslublari bo‘yicha MDH davlatlarida yondashuvlar bir-biriga yaqin hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Hukumatlararo kengashning to‘laqonli a’zosiga aylanishi ochiq teng huquqli muloqotlar va tashqi o‘zaro munosabatlarni hisobga olib respublikamiz reytingining kelgusida yanada oshishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Sessiyada shuningdek, soha mutaxassislarining yerosti boyliklaridan foydalanish, ularni muhofaza qilish sohasida kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha taniqli xorijiy nashrlar vakillari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, respublikamiz uchun noodatiy bo‘lgan foydali qazilmalarning yangi turlarini o‘zlashtirish, yopiq va berkitilgan hududlarni o‘rganishda yangi zamonaviy uslublarni qo‘llash, geologiya sohasida yetakchi mamlakatlar texnologiyalarini qo‘llash, mamlakat hududida va qo‘shni davlatda yuz beradigan tabiiy va texnogen ko‘rinishidagi favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish kabi bir qator masalalarda mutaxassislarning ma’ruzalari taqdim etildi.

Sessiya ishida Geologiya fanlari universiteti rektori  M.Isoqovning “Fan, ta’lim va tajribalarni integratsiyalashtirish yo‘li bilan geologiya sohasida malakali kadrlarni tayyorlash tizimini yaratish” hamda Gidroingeo instituti direktori K.Mingboyevning  “Toshkent atrofidagi chegaradosh suvliklaridagi mineral suvlar zaxiralaridan foydalanish va muhofazalash masalalari bo‘yicha Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan ma’ruzalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi

MDH davlatlarining Yer qa’rini qidirish, foydalanish va muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo kengashining XXV sessiyasi doirasida Rossiya va O‘zbekiston geologiya xizmatlari o‘rtasida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, geologiya sohasida ma’lumotlarni raqamlashtirish, kon zaxiralari va resurslarini hisoblash yagona tizimni yaratish, geologik ma’lumotlar fondlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish bo‘yicha amaliy-tajriba ishlari amalga oshirish,
yosh mutaxassis va kadrlarni ilmiy – ishlab chiqarish tashkilotlarida bilim va tajribalarini oshirish kabi bir qancha yo‘nalishlarni qamrab olgan hamkorlik dasturi imzolandi. Mutaxassislari o‘rtasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borishda yaqin aloqalar o‘rnatish, zamonaviy maxsus geologik xaritalar tuzish hamda noan’anaviy xomashyo turlarini qidirish va ma’danlarni qayta ishlash texnologiyalari bo‘yicha yangi loyihalar muhokama etilib, tegishli kelishuvlarga erishildi.

Saidmurod RAHIMOV,

 O‘zA muxbiri