O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Malaka oshirish institutida 2022 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilishi, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoringini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida brifing o‘tkazildi.

Unda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida yurtimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berildi. Shuningdek, majburiy mehnat holatlariga yo‘l qo‘ymaslik borasida hamkor tashkilotlar bilan birga amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan O‘zbekiston kasaba uyushmasi Federatsiyasi tomonidan ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, mana bir necha yildirki, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoitlar yaratilishi, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring o‘tkazib kelinmoqda.

Brifingda joriy yilda ham mazkur monitoringni o‘tkazish rejalashtirilgani, u 26 sentyabrdan 31 oktyabrgacha davom etishi hamda bu yilgi Milliy monitoring Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi va ijtimoiy masalalar bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasining majlis bayonlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar va tavsiyalarga asosan o‘tkazilishi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Tashkilotchilar tomonidan qayd etilganidek, bu yilgi monitoring ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lgan fuqarolik jamiyati insitutlari vakillari ishtirokida o‘tkaziladi. Shunindek, Milliy monitoring jarayonini kuzatish uchun dunyo to‘qimachilik brendlari vakillari ham taklif etilgan.

Monitoringni o‘tkazishdan asosiy maqsad paxta yigim-terimi ishlarida voyaga yetmagan shaxslarning, o‘quvchi va talabalarning, byudjet va nobyudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun yetarli sharoitlar yaratilganini baholash, qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun tavsiya qilingan miqdordan kam bo‘lmagan mehnat haqi to‘lanishini nazorat qilish, fermer xo‘jaliklari xodimlari bilan mehnat shartnomasi, fuqarolar bilan mustaqil ravishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomasi yoki fuqaroviy-huquqiy shartnomalar tuzilganligini nazorat qilishdir.

Milliy monitoring davomida kamchiliklar aniqlansa, ularni joyida bartaraf etish choralari ko‘riladi vqa monitoring yuzasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasiga muntazam axborot berib boriladi.

Milliy monitoringni sifatli o‘tkazish maqsadida “2022 yilgi paxta yig‘it-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoitlar yaratish, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoringni o‘tkazish uslubiyoti”, “Monitoring guruhlarining joylarda harakatlanish ketma-ketligi”, “Monitoringda intervyu olish savolnomasi”, “Paxta yig‘im-terimi ishtirokchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni baholash bo‘yicha savolnoma” ishlab chiqildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan hududiy monitoring guruhlari tuzilib, ular tarkibiga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari mehnat texnik inspektorlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlarining mas’ul xodimlari, shuningdek, kelishilgan holda, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining joylardagi a’zo tashkilotlari vakillari kiritildi.

Monitoring o‘tkazish ishchi guruhlari tarkibidagi kasaba uyushmasi xodimlari monitoring jarayonida foydalanish uchun maxsus kiyim bosh va hududiy guruhlar rahbarlari internet tarmog‘iga ulangan planshetlar bilan ta’minlandi.

O‘rganish jarayonida paxta terayotgan voyaga yetmagan shaxslar aniqlansa, ularni zudlik bilan daladan olib chiqish va o‘quv dargohlariga yoki uyiga qaytarish choralari ko‘riladi. Bu haqda Akt (Dalolatnoma) tuziladi va aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish uchun mehnat inspeksiyasiga yuboriladi.

Majburiy mehnatdan foydalanish holatlari aniqlanganda zudlik bilan kasaba uyushmalarining inspektorlari tomonidan vaziyat o‘rganiladi  va Akt (Dalolatnoma) tuziladi. So‘ngra ularni ish joylariga qaytarish choralari ko‘riladi. Shu bilan birga, hududiy “Qayta aloqa mexanizmi” vakillariga ham xabar beriladi.

Aytish joizki, xodimning mehnat huquqlarini buzilishining oldini olishga qaratilgan “Qayta aloqa mexanizmi” O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida tashkil etilgan bo‘lib, mavsum davomida uzluksiz ravishda kechayu kunduz ishlaydi. Bunda 10-92 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”, internet saytlari, telegramm ijtimoiy tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.

Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan bannerlar tayyorlandi va bugungi kunda respublikaning barcha hududlaridagi tuman, shahar markazlariga o‘rnatilmoqda. Korxona, tashkilot, massasalar hamda odam gavjum bo‘ladigan joylarga posterlar joylashtirildi va mehnatkashlar hamda barcha aholiga flayerlar tarqatilmoqda.

Milliy monitoring davrida o‘rganish natijalarini oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi (O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqqlari to‘g‘risida”gi va “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunlari hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan kelishilgan “Monitoring uslubiyoti” talablariga muvofiq oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi). Monitoring yakunlari to‘g‘risida dekabr oyida o‘tkaziladigan davra suhbatida batafsil e’lon qilinadi.

 

N.Usmonova,
O‘zA muxbiri