So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Xususan, o‘tgan davr mobaynida zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ortiq uy-joy barpo etildi. Bu 2016 yildan oldingi davrga nisbatan qariyb 10 martaga ko‘p.

Biroq, shunga qaramasda uy-joyga bo‘lgan talab hamon yuqoriligicha qolmoqda. Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish uchun yiliga kamida 100-150 mingta uy-joy barpo etilishi kerak bo‘ladi. Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, har yili mamlakatimizda 300 mingga yaqin nikohlar qayd etiladi. Aholi soni kelgusi besh yilda 38 millionga yetishi kutilmoqda.

Shundan kelib chiqib, yurtimiz aholisining barcha qatlamlarini uy-joy bilan ta’minlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham ayni shu maqsadga yo‘naltirilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, mazkur hujjatga muvofiq, Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida barpo etilgan “Muruvvat” massivi namunasi asosida barcha hududlarda barcha iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda.

Farmonga muvofiq, 29 ta mahalla va massiv uchun 1 ming 15 gektar yer maydoni tanlab olindi. Ularda ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha, bozor infratuzilmasi va muhandislik ob’ektlarini joylashtirish bo‘yicha bosh reja loyihalari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, kelgusi yilda 21 ming 312 ta xonadondan iborat 619 ta uy, 18 ta maktab, 24 ta bog‘cha, 15 ta oilaviy poliklinika qurish ko‘zda tutilgan.

E’tiborli jihati shundaki, yuqorida nomi keltirilgan hujjatga asosan, yer ajratish, bosh reja va loyihalarni ishlab chiqish, buyurtmachi va pudratchilarni aniqlash masalasi hal etilmoqda. Shuningdek, ularni moliyalashtirish, ipoteka kreditlarini ajratish, metall va sement bilan ta’minlash, muhandislik kommunikatsiyalari va infratuzilma ob’ektlarini qurish ishlari olib borlyapti.

Yana bir yangilik, ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha o‘tkazilgan elektron onlayn-auksion g‘oliblariga imkoniyatlar yaratilmoqda. Masalan, elektron onlayn-auksion g‘oliblariga lot qiymatining 30 foizini auksion yakunlangan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay, qolgan qismini 12 oy davomida teng miqdorda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berildi.

Joriy yil 1 yanvardan boshlab pudrat tashkilotlariga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan qurilishi tugallanmagan, tom yopish ishlari bajarilgan ko‘p kvartirali uy-joylarni kredit ta’minoti sifatida garovga taqdim etishga ruxsat etildi. 2023 yil 1 yanvarga qadar, sement mahsuloti va energiya tejamkor bazalt qoplamalari importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida, shuningdek, oldingi yillarda barpo etilgan massivlarda va ularning bo‘sh turgan yer uchastkalarida uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun sement hamda metall prokatini sotish bo‘yicha alohida birja savdo seksiyasi joriy qilindi.

Bundan tashqari, sement ishlab chiqaruvchilardan foyda solig‘i 20 foizdan 15 foizgacha, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq 2 baravarga kamaytirildi. Shuningdek, sement importi uchun imtiyozlar muddati yana bir yilga uzaytiriladi. Bular ham uylar narxi sezilarli tushishiga sabab bo‘ladi. 2024 yil 1 yanvarga qadar ro‘yxati ilovada ko‘rsatilgan yangi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari importida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llanilgan.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 1 maydagi “Aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan joriy etilgan xususiy pudrat tashkilotlarining tijorat banklaridan olgan kreditlari bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kafillik va kompensatsiya to‘lash tartibi 2022 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilgan.

Unga ko‘ra, kafillik va kompensatsiyalar Toshkent shahrida 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda esa 7 va undan yuqori, qishloq joylarda 5 va undan yuqori qavatli uy-joy qurilishi uchun ajratilgan va bitta uy-joy uchun kreditning 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan qismi bo‘yicha beriladi.

– Hududlarda quriladigan ko‘p qavatli uylarning 9 tipdagi energiya samarador namunaviy loyihalari ishlab chiqilgan, – deydi Qurilish vazirligi boshkarma boshlig‘i o‘rinbosari Elyor Komilov. –  Ayni vaqtda yanada tejamkor va arzon uylar bo‘yicha namunaviy loyihalar tayyorlanyapti. Eng muhimi mazkur uylar qurilishida reytingi 3 ta “S” dan yuqori pudrat tashkilotlari ishtirok etadi. Bu degani yangidan bunyod etilayotgan uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar sifati jahon standartlariga javob beradi. bugungi kunda bu kabi salohiyatli pudrat tashkilotlari soni 4 ming 876 tani tashkil etadi. Ya’ni, rejadagi uylar qurilishi uchun qurilish quvvatlari va imkoniyatlari yetarli. Shu o‘rinda aytish joiz, ushbu uylar qurilishida mahalliy qurilish materiallaridan foydalanish, issiqlik tejovchi qoplamalar va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash ta’minlanadi. Buning uchun qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar bilan ham ishlanmoqda.

Kelgusida ushbu ishlarni industriya darajasiga ko‘tarib, uy-joy qurilishi klasterlarini tashkil etish bo‘yicha ham ishlanmoqda. Dastlabki bosqichda Toshkent shahri, Farg‘ona, Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida klasterlarni tashkil qilish maqsadga muvofiq. Chunki mazkur hududlarda yetarlicha miqdorda pudrat tashkilotlari, loyiha institutlari, ishlab chiqarish korxonalari, xom ashyo bazasi va infratuzilma mavjud.

Dastur ijrosini to‘liq ta’minlash, uylarni sifatli qurish va massivlarni kompleks barpo etish bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi. Bu sharoit va imkoniyatlar yaratilib, muammolar hal etilgan. Birgina misol, “Yangi O‘zbekiston” massivlari turkumiga kiruvchi ilk ekoshahar Farg‘ona viloyati markazida 300 gektar maydonda bunyod etilmoqda. Birinchi bosqichda 80 ta ko‘p qavatli uy qurish rejalashtirilgan. Ekoshahar ikki yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Janubiy Koreya tajribasi asosida ushbu shaharchaning loyihasi ishlab chiqilgan. 7, 9, 12, 25-qavatli uylarning narxi aholiga maqbul keladigan qilib belgilanmoqda.

Ayni vaqtda mamlakatimizning turli hududlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari shiddat bilan qurilish ishlari olib borilmoqda. Eng muhimi, yangi massivlarda quriladigan uylarning mingtasi ehtiyojmand oilalar va yolg‘iz ayollar uchun davlat tomonidan sotib olinishi, buning uchun, qurilish tashkilotlariga 220 milliard so‘m oldindan o‘tkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, “Yangi O‘zbekiston” massivlari kompleks rivojlanish tamoyili asosida barpo etilyapti. Har bir massivda sanoat loyihalari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va ijtimoiy infratuzilma bir vaqtda qurilishi natijasida u yerda odamlar ham uyli, ham ishli bo‘ladi.

Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA