Prezidentimizning joriy yil 27 apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan “Bojxona organlarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish” dasturi joriy etildi.

Mazkur, hujjatga asosan, bojxona qiymatini aniqlashning bitim qiymatiga oid usul, ya’ni birinchi usul bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga reeksport qilingan tovarlar uchun reeksport qilingan mamlakatda rasmiylashtirilgan import deklaratsiyasini taqdim etish amaliyoti bekor qilindi.

Shuningdek, Xavflarni boshqarish tizimida bojxona yuk deklaratsiyasi “sariq” va “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilganida qo‘shimcha so‘rab olinadigan hujjatlar muntazam tarzda so‘rab olinmaydi.

Yana bir ma’lumot. Endilikda qo‘shimcha hujjatlar tovarning bojxona qiymati oxirgi 90 kalendar kun ichida 1-usulda rasmiylashtirilgan xuddi shunday tovarning bojxona qiymatidan past bo‘lsa, so‘rab olinishi mumkin. Agar 90 kun ichida bunday ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, 180 kunlik muddat bo‘yicha solishtirilishi mumkin.

Misol uchun, tadbirkor 1 kg uchun narxi 2 AQSH dollaridan to‘g‘ri keladigan tovarni chetdan olib keldi. Oxirgi 90 kun ichida ushbu tovar narxi bitim qiymatida (1-usulda) 1,7 AQSH dollari va undan yuqori bo‘lgan hollarda faqat invoys bilan bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi.

Qo‘shimcha hujjat sirasiga kiradigan uchinchi shaxslar o‘rtasidagi shartnomalar va ular bo‘yicha hisoblarni taqdim etish iloji bo‘lmasa, bu hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga qamrab oluvchi xaridor yoki sotuvchining yozma tushuntirishlari qabul qilinishi mumkin.

Shuni ham aytish joiz, bojxona qiymatini aniqlashda bitim taraflari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik yo‘qligini tasdiqlash uchun tadbirkorlar tomonidan ixtiyoriy ravishda taqdim etilishi mumkin bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Aynan bir xil va o‘xshash tovarlarning bojxona qiymatini belgilash uchun asos sifatida foydalanilayotgan bojxona yuk deklaratsiyasi, unga tegishli shartnoma va hisobvaraq-fakturani (invoys)majburiy taqdim etish amaliyoti bekor qilindi.

Endilikda bojxona qiymatini belgilash uchun asos sifatida foydalanilayotgan bojxona yuk deklaratsiyasining ro‘yxat raqamini bojxona qiymati deklaratsiyasida ko‘rsatishning o‘zi yetarli.

Bojxona xodimi esa bojxona organlarining axborot tizimida yaratilgan imkoniyat orqali deklaratsiyaning tartib raqamidan foydalangan holda barcha zarur hujjatlarni mustaqil tekshirishi mumkin.

Mazkur hujjatning qabul qilinishi bojxona qiymatini aniqlashning bitim qiymatiga oid usulni keng qo‘llanilishiga, bojxona qiymatini aniqlash usullari ketma-ketligiga qat’iy rioya qilinishiga, bojxona qiymatining real belgilanishiga xizmat qiladi.

Qolaversa, bojxona qiymatini belgilashda o‘zboshimcha yoki soxta narxlardan foydalanishning oldini oladi. Bojxona qiymatini aniqlash tartib-taomillari barcha uchun bir xil qo‘llaniladi. Ortiqcha byurokratik to‘siqlar olib tashlanishi ta’minlanadi. Jahon standartlariga mos tarzda bojxona qiymatini aniqlash metodikasi qo‘llanilishiga olib keladi.

Sh.Mamaturopova, 
O‘zA