Uzoq yillar davomida Toshkent shahri kanallari e’tibordan chetda qolib, ekologik holati achinarli bo‘lib qolgan hamda kanallar atrofi o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilib, noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgan, bu esa turli noqulayliklarni yuzaga keltirgan edi.

Shahar kanallari tozalanib, atrofini obodonlashtirish maqsadida tegishli qonun asosida Toshkent shahridan o‘tadigan kanallardan foydalanish va boshqarish hamda ularga tutash hududlarni obodonlashtirish tizimi yaratildi.

bugungi kunda poytaxtda jami 128 ta kanal va kollektorlar mavjud bo‘lib, ularning 16 tasi magistral, 24 tasi xo‘jaliklararo, 80 tasi xo‘jalik ichki kanallari hamda 8 tasi kollektorlardan iborat. Ularning umumiy uzunligi 403 km. Bundan tashqari, Toshkent viloyatidan shahar hududiga qo‘shilgan hududlarda jami 88,5 km uzunlikdagi 19 ta xo‘jaliklararo kanallar ham mavjud.

Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Abdulaziz Isroilovning qayd etishicha, bugun asosiy e’tibor aholi dam olishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida kanallar atrofini obodonlashtirishga qaratilmoqda. Xususan, Qoraqamish kollektorining Yunusobod tumani Kichik halqa avtomobil yo‘lidan Baraka ko‘chasigacha bo‘lgan 1,4 km qismida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, qirg‘oq bo‘yi hududida sayilgoh tashkil etildi.

Xususan, piyodalar uchun ko‘priklar, bolalar o‘yingohi va sport maydonchalari, velosiped yo‘lagi, favvora barpo etildi. O‘rindiqlar, shaxmat stoli, charxpalak o‘rnatildi. Daraxtlar ekilib, chimlar yotqizildi. Shu bilan birga, Qorasuv kanalining Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Mirobod tumanlari hududidan o‘tgan jami 4,9 km qismi, Anhor kanalining Muqimiy ko‘chasidan Cho‘ponota ko‘chasigacha bo‘lgan 1,7 km qismi, Salar kanalining Bobur ko‘chasidan Kichik halqa avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 2,4 km qismida obodonlashtirish va sayilgoh tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Uchtepa tumanidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanalining Farhod ko‘chasidan Kichik halqa avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 3,5 km qismi, Jun kanalining Yangihayot tumani Katta halqa avtomobil yo‘lidan Sergeli-1 bekatigacha bo‘lgan 1,7 km qismi, Katta Kalkauz kanalining Shayxontohur tumani Anhor bo‘yi ko‘chasidan Taxtapul ko‘chasigacha bo‘lgan 1,4 km qismi, Olmazor tumanidan oqib o‘tuvchi Damashi kanalining Sag‘bon ko‘chasidan Kichik halqa avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 3,4 km qismida obodonlashtirish va sayilgoh tashkil etish bo‘yicha loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA