O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentyabr kuni o‘zining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabartini qabul qildi.

Uchrashuvda mamlakatimizdagi iqtisodiyot va boshqaruvni isloh qilish doirasida erishilgan natijalar va bu boradagi kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.

Maslahatchi Chakrabarti O‘zbekiston yetakchisini Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklab, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusini yuksak baholadi.

Davlatimiz rahbari ustuvor yo‘nalishlardagi yangilanishlarni birgalikda puxta tayyorlash va keyinchalik amalga oshirish jarayonini davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvini transformatsiya qilish va samaradorligini kuchaytirish, jamiyat hayotining barcha jabhalarini raqamlashtirish, qulay investitsion va ishbilarmonlik muhitini yaratish, yangi kadrlarni tayyorlash shular jumlasidan.

Suma Chakrabarti ushbu masalalarda O‘zbekiston Hukumatiga bundan buyon ham faol ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Suma Chakrabarti O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi etib tayinlanishidan avval sakkiz yil davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan.