O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari shu kunlarda mamlakatlarimizda keng nishonlanayotgan mustaqillik bayramlari munosabati bilan bir-birini dildan qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 30 foizga oshdi. Faol hududlararo almashinuvlar davom etmoqda, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, transport aloqalari kengaymoqda. Muhim madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Suhbat chog‘ida Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yil sentyabr oyida o‘tkazishga kelishib olindi.

Transport va energetika sohalarida mintaqaviy ahamiyatga molik ustuvor infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan “Qambarota-1” GESini qurish loyihasini ilgari ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari, shuningdek, Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash hamda SHHTning bo‘lajak Samarqand sammiti kun tartibini muhokama qildilar.