O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning

Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi haykalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

 

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Qadrli Xorazm ahli!

Bugun Mustaqillik bayrami arafasida xalqimizning buyuk farzandi Jaloliddin Manguberdi xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan muhtasham yodgorlik majmuasini tantanali ravishda ochmoqdamiz.

Hech shubhasiz, bunda chuqur ramziy ma’no bor. Nega deganda, dunyodagi eng ulkan qahramonlik – bu Vatan mustaqilligi va ozodligi yo‘lida ko‘rsatilgan mardlik va jasoratdir. Bunday qahramonlik aslo unutilmaydi, hamisha xalq qalbida yashaydi.

Jaloliddin Manguberdi el-yurt istiqloli uchun kurashgan, bunga o‘z hayotini bag‘ishlagan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir.

Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida unga teng keladigan ulug‘ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Bu fikrimizni donishmand alloma va odil hukmdor Mirzo Ulug‘bekning: “Olam ahli Jaloliddindan oldin ham, keyin ham bunday bahodir jangchini ko‘rmagan. Bu zotning azmu shijoati oldida hatto buyuklikning o‘zi ham ta’zim qiladi”, degan so‘zlari yaqqol tasdiqlaydi.

Sulton Jaloliddin o‘n bir yil davomida mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi 300 dan ortiq janglarda ishtirok etib, yovlarni titratib keldi. Bunday jasorat har qanday odamni ham hayratda qoldiradi.

Yengilmas sarkardaning Sind daryosi bo‘yida o‘z qo‘shinidan to‘rt marta ko‘p bo‘lgan Chingizxon qo‘shiniga mardona qarshi chiqqanini eslaylik. Yoki Isfahon yaqinidagi jangda bor-yo‘g‘i 14 nafar askari bilan mingdan ziyod mo‘g‘ul lashkarining qurshovini yorib o‘tganini yodga olaylik.

Hatto Chingizxondek sarkarda ham uning matonatini ko‘rib: “Jaloliddindek qahramon farzandi bor ota naqadar baxtlidir”, deb tan berishga majbur bo‘lgan.

Sulton Jaloliddin jangovar faoliyati bilan nafaqat o‘z yurtini, balki dunyodagi o‘nlab mamlakatlarni ham mo‘g‘ul hujumidan himoya qilganini jahon ahli e’tirof etadi. Butun umri urushda o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, u og‘ir va murakkab davrlarda ham ilm-ma’rifat homiysi sifatida masjid va madrasalar, karvonsaroylar, qal’alar, yo‘l va ko‘priklar qurdirgan.

Taqdirning qaltis sinovlarini mardona yengib o‘tgan, 32 yoshda halok bo‘lgan azamat ajdodimizning hayot yo‘li, shaxsiyati va jasorati barchamizga aslo eskirmaydigan bir haqiqatni uqtiradi:

Vatan ozodligi, Vatan manfaati yo‘lida birlashib, mardi maydon bo‘lib kurashga bel bog‘lagan xalqni hech qanday kuch hech qachon yenga olmaydi.

Hurmatli marosim qatnashchilari!

Mustaqillik yillarida Vatanimizda Jaloliddin Manguberdining o‘lmas xotirasini abadiylashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar barchangizga yaxshi ma’lum. Xususan, davlatimizning yuksak mukofoti – Jaloliddin Manguberdi ordeni ta’sis etildi. Yurtimizda bu ulug‘ zotning tavallud sanalari munosib nishonlanmoqda. Uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan yangi-yangi ilmiy va badiiy asarlar yaratilmoqda.

Buyuk ajdodimizning davomchilarini kamol toptirish maqsadida Urganchda Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litsey tashkil etdik. Bu mardlik maktabi joriy yil ilk bor o‘quvchilarni o‘z bag‘riga qabul qilmoqda. Ularning barchasiga omad va zafarlar tilab, kelgusida bu navqiron avlod orasidan ulug‘ sarkardaning munosib izdoshlari bo‘lgan haqiqiy vatanparvar o‘g‘lonlar, jasur ofitser va generallar yetishib chiqadi, deb ishonamiz.

Aziz do‘stlar!

Biz bugun ochilayotgan yodgorlik majmuasi loyihasi ustida juda ko‘p ishladik. Ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning fikr-mulohaza va takliflarini o‘rgandik. Bo‘yi 25 metr bo‘lgan ushbu mahobatli haykalda Sulton Jaloliddinning qat’iyatli, mag‘rur siymosida kelajakka katta ishonch va shiddat bilan intilayotgan xalqimizning vatanparvarligi, bukilmas irodasi o‘z ifodasini topgan.

Haykal oldida Jaloliddin Manguberdi bitiktoshining nusxasi o‘rnatildi. Bitiktosh nusxasida muqaddas Qur’oni karim oyatlari, Jaloliddin Manguberdi shajarasi, ushbu yodgorlikning yaratilish tarixi aks ettirilgan.

Jaloliddin Manguberdi majmuasini barpo etish bilan birga, Urganch shahri va uning markaziy maydonida katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari ham amalga oshirildi. Qariyb 8 gektarlik ushbu hudud butunlay yangicha qiyofa kasb etdi. Bu yerga 18 mingga yaqin manzarali daraxtlar, gullar va butalar ekildi. Shaharning markaziy maydoni ostidan o‘tadigan, to‘rt qatorli, uzunligi 500 metr bo‘lgan noyob avtomobil tunneli barpo etildi.

Hurmatli tantanali marosim ishtirokchilari!

Shu o‘rinda aytish kerakki, oxirgi yillarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz natijasida, barcha hududlar kabi Xorazm ham o‘zgarmoqda. Xususan, o‘tgan 5 yilda barcha tuman markazlari, 100 ga yaqin qishloq va mahallalar obod qilindi. Sayyohlar uchun 80 ta yangi mehmonxona qurildi.

Kelgusi 5 yilda viloyatda yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, xorijiy turistlar soni 10 barobar oshiriladi, ya’ni yarim milliongacha yetkaziladi.

“Ochiq osmon ostidagi muzey” nomini olgan Xiva shahriga temir yo‘l yetib bordi va yangi vokzal ishga tushirildi. 2024 yilda esa tezyurar poyezdini Xivaga olib kelishni reja qilganmiz.

Tulpor kabi uchqur, tezyurar poyezdga Jaloliddin Manguberdi nomini bersak, o‘ylaymanki, sizlar ham bu taklifni qo‘llab-quvvatlaysizlar. Shuningdek, Urganch va Xiva shaharlari o‘rtasidagi avtomobil yo‘li bo‘yida 100 dan ziyod zamonaviy servis ob’ektlari barpo etiladi.

Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan Xiva shahrining 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilinishi, bu sohadagi islohotlarimizning munosib e’tirofi bo‘ldi.

Boshlagan ishlarimizni izchil davomi sifatida, vohada mahalliy va chet ellik sayyohlar uchun jozibador “Xorazm” turistik brendini yaratish bo‘yicha aniq reja asosida ish olib borilmoqda.

Xorazmga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini keskin oshirish uchun hududlar aro va xalqaro transport qatnovlarini kengaytirish maqsadida zarur infratuzilmalar yaratiladi. Jumladan, yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha poytaxt aeroportidan keyingi o‘rinda turadigan Urganch xalqaro aeroporti kelgusi 2 yilda rekonstruksiya qilinib, yirik turistik transport xabiga aylantiriladi.

Xabaringiz bor, siz, azizlar bilan maslahatlashib, xalqimiz, birinchi navbatda yoshlarimizning fikri, xohish-istaklarini e’tiborga olib, Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishini boshladik.

Bu yerdagi 130 gektardan ziyod hududda Al-Xorazmiy universiteti va ixtisoslashgan maktabi, Al-Xorazmiy markazi, buyuk bobomizning ulug‘vor haykali bunyod etiladi. Shuningdek, bu yerda texnopark, ishlab chiqarish zonasi va ofislar, tibbiyot, innovatsiya va madaniyat markazlari, maktab va bog‘chalar, yashil maydon va xiyobonlar, sport majmualari, avtoturargoh, savdo va maishiy binolar, eng muhimi, aholi uchun 104 ta ko‘p qavatli zamonaviy shinam uylar barpo etiladi.

Xudo xohlasa, bu shaharcha ham xuddi Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi singari, mamlakatimizning eng go‘zal va betakror maskanlaridan biriga, ta’bir joiz bo‘lsa, Urganch shahrining yuziga aylanadi.

Fursatdan foydalanib, Xorazmda mana shunday ezgu ishlarni amalga oshirishda ishtirok etgan va mehnatini davom ettirayotgan barcha-barcha aziz insonlarga – quruvchi va muhandislarga, me’mor va haykaltaroshlarga, texnik mutaxassis va mutasaddilarga, chet ellik hamkorlarimizga, mehnatkash va olijanob Xorazm ahliga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Muhtaram yurtdoshlar!

bugungi marosimda ziyolilar, ayniqsa yoshlar vakillari ishtirok etayotgani uchun bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Biz ko‘plab muhtasham imoratlar qurishimiz, mahobatli haykallar barpo etishimiz mumkin. Ammo ushbu bunyodkorlik ishlarimizning tub ma’nosini, tarbiyaviy ahamiyatini xalqimiz, yoshlarimiz qalbiga singdirmasak, bu obidalarning ma’naviy ibratini tushuntira olmasak, asosiy maqsadimizga yeta olmaymiz.

Biz bugun dunyoda va mintaqamizda turli tahdid va xatarlar kuchayib borayotgan notinch bir zamonda yashamoqdamiz. Ko‘plab buzg‘unchi kuchlar o‘zlarining g‘araz niyatlari bilan yosh avlodning ongini egallashga urinmoqdalar. Bunday tahlikali vaziyatda jondan aziz farzandlarimizni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Shu sababli buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi singari vatanparvar, jasoratli ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish barchamizning burchimizga aylanishi lozim.

Ayni vaqtda bu borada fidoyi olim va adiblarimiz tomonidan olib borilayotgan ilmiy-ijodiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashimiz, ularni yangi asarlar yaratishga rag‘batlantirishimiz lozim. Xususan, ana shunday izlanishlar tufayli Turkiyaning Silvan shahrida ulug‘ ajdodimizning qabri topilgani muhim ahamiyatga ega. Ushbu qardosh davlat bilan kelishib, bu yerda ramziy maqbara bunyod etsak, albatta, har tomonlama savobli ish bo‘ladi.

Viloyat hokimligi hamda xorazmlik ziyolilarning sa’y-harakati bilan tuzilgan Jaloliddin Manguberdi fondi faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash choralarini ham ko‘rishimiz zarur.

Jaloliddin Manguberdining sharafli tarixini to‘laqonli yoritib beradigan ilmiy ensiklopediya, ya’ni qomus yaratish ham oldimizda turgan muhim vazifadir.

Chaqmoqdek qisqa umri mobaynida o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, yuksak harbiy salohiyatni namoyon etib yashagan Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak, arziydi.

Ishonaman, oradan yillar, asrlar o‘tadi, Sulton Jaloliddin hamisha yurtimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, unga farzandlik mehri, iymon-e’tiqod bilan xizmat qilishning o‘chmas timsoli bo‘lib qoladi.

Muhtaram vatandoshlarim!

So‘zimning yakunida barchangizni bugungi qutlug‘ tarixiy voqea bilan, yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayramimiz bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Hammangizga tinchlik-omonlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga bitmas-tuganmas qut-baraka tilayman.

Dunyoga Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk qahramonlarni bergan muqaddas zaminimiz, ona xalqimiz omon bo‘lsin!

Mard va matonatli Xorazm elining doimo baxtini, omadini bersin!

E’tiboringiz uchun rahmat.