Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi poydevoriga kapsula qo‘ydi.

Davlatimiz rahbari bu loyiha bilan joriy yil martda viloyatga safari chog‘ida tanishgan, uni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Shular asosida “pishitilgan” loyiha ijobati bugungi xayrli kunlarda – mustaqillik bayramimiz arafasidaboshlandi.

Marosimda xorazmlik yoshullilar, ayollar, yoshlar ishtirok etdi. Prezidentimiz ular bilan muloqot qildi.

– bugungi zamonaviy ilm-fanning, elektron kashfiyotlarning tub zamini Al-Xorazmiy bobomizning mislsiz ilmiy merosi bilan bog‘liq. Biz bu bilan nafaqat faxrlanashimiz, balki unga munosib bo‘lishimiz kerak. Shuning uchun Urganch shahrida buyuk olim nomi bilan ataladigan alohida shaharcha barpo etishga qaror qildik, – dedi davlatimiz rahbari.

Bu majmua Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ziyod hududda bunyod qilinadi. Samolyotdan tushgan har qanday odamning ko‘z o‘ngida avvalo mana shu go‘zal maskan namoyon bo‘ladi. Shaharcha markazida Xorazmiy bobomizning muazzam haykali o‘rnatiladi.

Asosiysi, bu yerda Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet barpo etiladi. Uning qoshida iste’dodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab quriladi. Ularda o‘qigan yoshlar shaharchada bunyod etiladigan ilm-fan, innovatsiya va madaniyat markazlarida faoliyat ko‘rsatib, buyuk ajdodimizning an’analarini davom ettiradi.

Shuningdek, bu yerda texnopark va ofislar, tibbiyot, innovatsiya va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, avtoturargoh, savdo va maishiy binolar bo‘ladi. 5 mingta xonadonli 104 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi. Inshootlar “aqlli texnologiyalar” asosida jihozlanadi.

Davlatimiz rahbari majmua bunyodkorlarini Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ushbu mas’uliyatli va sharafli ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Shundan so‘ng Prezidentimiz Xorazmga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.